Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy Osiyo davlatlarining Inson huquqlari bo‘yicha vakillari Finlyandiya Parlamenti, Ombudsmani, Oliy maʼmuriy sudi va Bosh prokuraturasi faoliyati bilan tanishishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Finlyandiyaga xizmat safari doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

2024 yilning 18 aprel kuni Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari faoliyatini kuchaytirishga va o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan xalqaro tadbir doirasida ishtirokchilar dastlab Finlyandiya Parlamenti binosiga tashrif buyurishdi.

Markaziy Osiyo davlatlarining Inson huquqlari bo‘yicha vakillari dastlab yuz yildan ortiq vaqt mobaynida inson huquqlarini taʼminlash borasida davlat organlari ustidan nazorat olib boruvchi va o‘ziga xos ilg‘or tajribaga ega Finlyandiya Ombudsmani faoliyati bilan tanishishdi. O‘zaro muloqot davomida Finlyandiya Ombudsmanining qiynoqlarni oldini olish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini taʼminlash borasidagi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shundan so‘ng, Finlyandiya Parlamenti binosi bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, deputatlarning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati haqida maʼlumot berildi.

Finlyandiyaning Tashqi ishlar vazirligi hamda Xelsinki universiteti huzuridagi Qonun ustuvorligi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari shu kuni Finlyandiya Oliy maʼmuriy sudi va Bosh prokuraturasiga ham tashrif buyurishdi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston hamda Turkmaniston Ombudsmanlarini Finlyandiya Oliy maʼmuriy sudi Prezidenti Kari Kuusiniyemi hamda Finlyandiya Bosh prokurori Ari-Pekka Koyvistolar qarshi olib, o‘z faoliyatlariga oid batafsil maʼlumot berishdi.

O‘zaro muhokamalarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvlarda davlatlarning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi tajribalari o‘rganildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati