Har bir inson toza havodan nafas olish huquqiga ega. Shuning uchun ham bugun O‘zbekiston quyosh va shamol energiyasiga asoslangan elektr stansiyalarini qurish va ishga tushirish orqali “yashil” energetikani rivojlantirish yo‘lidan bormoqda. Shuningdek, tabiatni asrashga oid keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bir narsa aniqki, ekologiyaga oid masalalarni hal etish faqatgina davlatning zimmasida emas. Bunga barchamiz burchlimiz. Daraxtlar nafaqat havoni tozalaydi, balki zararli gazlar tarqalishiga to‘sqinlik qiladi, shovqin darajasini bostiradi, haroratni va havoning quruqligini yumshatadi.
Shunday ekan, havo toza emasligidan nolib o‘tirgandan, bitta bo‘lsada ko‘chat ekib, uni parvarishlasak atmosferaning tozalanishiga oz bo‘lsada hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Oliy Majlisnining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) jamoasi ko‘chat ekish ishlarini o‘z xonadonlaridan boshlashdi. "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida 2023-yilda ekilgan daraxtlar ham parvarish qilindi.
Siz ham ko‘klamzorlashtirishni o‘z uyingizdan boshlang!
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati