Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inklyuziv nogironlik va gender-sezgir muloqot masalalari muhokama qilindi
2024-yilning 23-24 aprel kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Inklyuziv nogironlik va gender-sezgir muloqot” mavzusida seminar o‘tkazildi. 

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari va Kotibiyati xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi. 

Ombudsman F.Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga teng sharoit va imkoniyatlar yaratish, nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan tizimli choralar ko‘rilmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) nogironligi bo‘lgan shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Ombudsmanga 2023-yilda nogironligi bo‘lgan shaxslardan 133 ta murojaat kelib tushgan. Nazoratga olingan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal qilinib, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari tiklangan. Murojaatlarda nogironlik guruhini belgilash, uni qayta ko‘rib chiqish, moddiy yordam ko‘rsatish hamda ijtimoiy imtiyozlar tatbiq etish masalalari ko‘tarilgan. 

Shuningdek, 2023-yilda BMTning tegishli qo‘mitasiga Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning ijro etilishi bo‘yicha Ombudsman ma’ruzasi kiritilgan. 

Joriy yilda jamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirishga qaratilgan "Huquq bilimdoni" ombudsman viktorinasi o‘tkazildi.  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan viktorinada Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internatlarining 750 nafarga yaqin o‘quvchilari qamrab olindi. 

Tadbirda Ombudsmanning nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish borasidagi o‘rganishlari, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarni imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirish bo‘yicha Ombudsman tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi va uning amalga oshirilishi holati haqida so‘z bordi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash borasida tizimli o‘rganishlarni olib boruvchi Ombudsman Kotibiyati xodimlari va Vakil bilan hamkorlikda ishlovchi jamoatchilik vakillari uchun tashkil etilgan seminar interaktiv usulda tashkil etildi. 

Unda ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ular bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish usullari, jamiyatdagi va OAVdagi mavjud gender stereotiplar hamda gender-sezgir muloqot uslublari bo‘yicha ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. 

O‘zaro savol-javob va qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan 2 kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati