Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Jizzax viloyatidagi fuqarolar bilan uchrashib, ular murojaatlarini o‘rgandi
Xabaringiz bor, 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ushbu tajriba yana-da takomillashtirilib, loyiha doirasida Ombudsman sayyor qabuli, fuqarolar uchun tibbiy ko‘rik, mehnat yarmarkalari, fuqarolarga huquqiy yordam va davlat mobil xizmatlar ko‘rsatish amaliyotlari joriy qilindi. Muhimi, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlarning hududlar kesimidagi tahlili asosida mavzular tanlanib, aholining huquqiy xabardorligi oshirildi. Fuqarolar mamlakatimizda yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishtirilib, tegishli davlat tashkilotlari vakillariga murojaat qilishlari uchun platforma yaratildi.

“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat.

Joriy yilning 2 may kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi  “YangihayotMFYdagi 1-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi binosida o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2023 yilda Jizzax viloyatidan 805 ta murojaat yo‘llangan.  Aynan Sharof Rashidov tumanidan kelib tushgan murojaatlarda mehnat huquqlarini taʼminlash, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish borasidagi imkoniyat hamda imtiyozlar, pensiya va bolalar nafaqasini tayinlash masalalari ko‘tarilgan. Shu nuqtai nazardan tumandagi “Yangiobod”, “Qo‘shbarmoq”, “Toqchilik”, “Ziyokor”, “Xayrobod”, “Samarqand quduq” mahallalarida yashovchi 200 nafarga yaqin fuqaro qamrab olingan tadbir ushbu masalalarga bag‘ishlandi.

Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari hamda tegishli davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va OAV ishtirok etishdi.

O‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ham huquqiy tushunchalar berildi.

“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsman Feruza Eshmatovaning sayyor qabuli ham o‘tkazildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati