Shu munosabat bilan, 21-22 may kunlari Ombudsman boshchiligida uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Namangandagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Unda “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti raisi, “Yuksalish” umummilliy harakatining Namangan viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari va OAV ishtirok etishdi.
Dastlab, Namangan viloyati Uychi tumanidagi 6-son tergov hibsxonasiga tashrif buyurildi. O‘rganish jarayonida qamoqqa olingan ayblanuvchi va sudlanuvchilarni saqlash sharoitlari, qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tibbiyot bo‘limi hamda ularning yashash joylari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, monitoring tashrifida hibsxona hududi, oshxona va omborlarning sanitariya holati tekshirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tergov qilish xonalarini ko‘zdan kechirish jarayonida, bu toifadagi xonalar videokuzatuv vositalari bilan jihozlangani va advokatlar istalgan vaqtda advokat so‘rovnomasi bilan tergov jarayonlarida tasvirga olingan videomateriallarni talab qilib olishi mumkinligi aytildi. Shuningdek, mahbuslarni hibsxonaga qabul qilish jarayonida ularning tanasida biror bir jaroxat aniqlansa va bu uning hujjatlarida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu haqda tegishli tashkilotlarga zudlik bilan xabar berilishi va qaytarilishi ta’kidlandi.
Monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi.
Keyingi manzil, Oromgoh mavzesida joylashgan IIB Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona bo‘ldi. Ma’muriy qamoqqa olinganlarni Maxsus qabulxonaga qabul qilish chog‘ida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda qamoqqa olingan shaxslar haqida ma’lumot uning qarindoshlariga telefon orqali darhol xabar qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Monitoring tashrifida maxsus qabulxonada saqlanayotganlar uchun sayrga chiqish joylari, ularning shaxsiy buyumlarini saqlash va qaytarib berish, tibbiy xizmatdan foydalanish xonalari hamda oshxona va kunlik menyu ko‘zdan kechirildi.
Namanganga tashrif doirasida 6-sonli jazoni ijro etish muassasasiga ham monitoring amalga oshirildi va mahkumlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati