Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi qarori bilan «2019 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi» tasdiqlandi. Shuningdek, 2023-yilning 19-iyunida esa “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori imzolandi. Ushbu hujjatlar asosida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash sifatini oshirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga o‘z vaqtida psixiatriya yordami ko‘rsatilish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Monitoring tashrifida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar samarasiga alohida eʼtibor qaratildi. Monitoringda 445 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonadagi bemorlarga yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish holati ko‘zdan kechirildi. O‘rganish davomida davolanayotgan shaxslarga berilayotgan ovqatlar sifati, oshxona va oziq-ovqatlar saqlanadigan omborlardagi sharoitlar talab darajasida ekani va tibbiyot bo‘limidagi dorilarning yaroqlilik muddatlari o‘tmagani aniqlandi.
Monitoringda ayrim kamchiliklar ham aniqlandi, jumladan, mazkur muassasadagi 59 nafar majburiy davolanish o‘tayotgan bemorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi bois Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ko‘rigidan o‘tkazish hamda ularga nafaqa puli to‘lanishi to‘xtatilgan. Baʼzi bemorlar davolanish uchun boshqa viloyatda joylashgan psixiatriya muassasasiga ko‘chirilganda ularga maxsus avtoulov zarurligi, so‘nggi 4 yil ichida davolanuvchilarga kiyim-kechak va boshqa kerakli jihozlar ajratilmagani maʼlum bo‘ldi.
Davlat rahbarining 2018 yil 16 martdagi “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasiga asosan Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan, yaʼni raqamli EEG tizimi (32 kanalli), UTT (rangli dopler bilan), avtoklav (100 litrli), raqamli rentgen apparat bilan taʼminlash ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan bugungi kunga qadar shifoxona ushbu tibbiy uskunalar bilan taʼminlanmagani aniqlandi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga shifoxonada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman taqdimnomasi kiritildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati