O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 575-sonli qaroriga asosan “Saxovat” internat uyiga yakka-yolg‘iz keksalar va pensionerlar hamda 18 yoshdan boshlab I va II guruh nogironlari qabul qilinishi belgilangan. Hozirda ularga 6 nafar shifokor, 14 nafar hamshira va 28 nafar kichik tibbiy xodimlar hamda xo‘jalik xodimlari bilan birga jami 96 nafar xodimlar tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
“Saxovat” internat uyida yashovchi qariyalarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari o‘rganildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlari va dori-darmonlarni saqlash muddatlari ko‘zdan kechirildi.
Mazkur internat uyida yashayotgan onaxon va otaxonlar bilan yakka tartibda suhbatlashilganda, ular “Saxovat” uyi rahbariyati va xodimlaridan minnatdor ekanliklari va hech qanday eʼtirozlari yo‘qligini bildirishdi.
Ombudsman mintaqaviy vakili ushbu muassasa rahbari bilan suhbatlashganda, o‘rnatilgan tartibga zid ravishda, “Saxovat” internat uyida farzandlari bor 15 nafar qariya yashashi ma`lum bo‘ldi. Ularga farzandalari g‘amxo‘rlik qilishdan bosh tortganligi uchun, muassasa rahbariyati keksalarni muassasaga qabul qilishga majbur bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 575-son qarorining 1-ilovasiga asosan “Saxovat” internat uylari O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 57-moddasiga muvofiq ularni parvarish qilishi shart bo‘lgan birinchi darajadagi qarindoshlari yoki vasiylari bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, 18 yoshidan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatadigan davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari belgilangan.
Shuningdek, Toshkent shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1 va 2-son internat uylariga monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Tashrif davomida “Muruvvat” internat uylarida yashovchi bolalarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish bo‘limidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, bolalar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun kutubxona, to‘qish xonasi va sport zallarida yaratilgan shart-sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi.
Bundan tashqari, muloqotga layoqatli bolalar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Maʼlumot uchun: Hozirda “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylarida 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan jami 640 nafar aqli zaif, og‘ir va chuqur darajadagi hamda 120 nafar 18 yoshdan katta nogironligi bo‘lgan bolalar yashamoqdalar. Muassasalarda mustaqil harakatlana olmaydigan bolalar uchun ham barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Shu bilan bir qatorda, Toshkent shahar “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyiga ham monitoring tashrifi amalga oshirilib, muassasadagi sharoitlar o‘rganildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati