Shu munosabat bilan, 20 iyun kuni Ombudsman boshchiligida uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-sonli ayollar jazoni ijro etish muassasasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Jarayonlarda OAV vakillari ham ishtirok etishdi.
Monitoring tashrifida mahkumalarning saqlash sharoitlari, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari va kutubxonalar holati o‘rganildi.
Koloniyada 5 ta tikuv, bichish va paypoq to‘qish sexlari mavjud. Mahkumlarga ishbay asosida haq to‘lanib, ish haqi ularning shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi. Ushbu hisob raqamiga mahkumalarning yaqinlari ham pul mablag‘larini o‘tkazishlari mumkin. Koloniyadagi 3 yoshgacha farzandi bor ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshi katta mahkumalar ishga jalb qilinmasligi maʼlum qilindi. Ular yozma roziligi bilangina ishga jalb qilinishlari mumkin.
Shuningdek, koloniyada ayollar saloni ham mavjud, salonda faoliyat yurituvchi mahkuma o‘z hunarini boshqalarga ham o‘rgatishi uchun sharoitlar yaratilgan.
Koloniyada farzandi bilan yashayotgan mahkumalar bilan suhbatlashilganda, bolalarning barcha ehtiyojlari uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratilishi, ularga 24 soat davomida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Joriy yilda hozirga qadar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga ayollar koloniyasidan 110 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Monitoring doirasida mahkumalar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Ombudsmanga murojaat yuborgan mahkumalar bilan ham holi tarzda suhbatlashildi
Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati