Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xorazmning Urganch tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida sayyor qabul va tibbiy ko‘rik tashkil etildi
2024 yil 28 iyun kuni Xorazm viloyati Urganch tumani G‘oybu qishlog‘i “Turkmanlar” mahallasida joylashgan “O‘zbek-Turkman” do‘stlik uyida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Urganch tumanidagi “Turkmanlar”, “Xojiboylar”, “Oq maktab”, “Shoxidonlar”, “Adolat” mahallalarida yashovchi aholi qamrab olindi.

Tadbirga jalb qilingan tegishli davlat organlari va tashkilotlari vakillari aholiga fuqarolarning davlat pensiya taʼminotini tashkil etish, ularga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlarni tayinlash tartibi, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish borasidagi imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Ochiq muloqotda ushbu hududdan yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirdan so‘ng, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili sayyor qabuli o‘tkazildi. Qabulga kelgan fuqarolar ishga joylashish, ijtimoiy yordam olish, nafaqa miqdorini qayta hisoblash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, sog‘lig‘ini tiklash masalalarida murojaat qilishdi.

Shu kunning o‘zida 200 nafardan ortiq fuqarolar tor doiradagi shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati