Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Yuksalish” harakati vakili ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.
Monitoringda aniqlanishicha, yozning issiq kunlarida muassasaning yashash sahn va ishlab chiqarish korxonasi hududida, mahkumlar uchun umumiy hojatxona, yuvinish joylari hamda kiyim almashtirish xonalari zaruriy jihozlar, jumladan ventilyator, konditsioner, bilan taʼminlangan. Shuningdek, koloniyalar do‘konlarida ventilyatorlar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan hamda ularning oila aʼzolari tomonidan olib kelinadigan ventilyatorlarni muassasa hududiga mahkumlar uchun kirgizilishiga ruxsat etilgan.
Ushbu muassasada mahkumlar uchun eshik romlarini yasash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilib, shu kuni kurslarni tamomlagan 20 nafar mahkumga diplom berildi.
Bundan tashqari, monitoring guruhi 11-son jazoni ijro etish koloniyasida bo‘lib, tashrif davomida, mahkumlar bilan suhbatlashildi, tibbiy xizmat ko‘rsatish holati, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.
Muassasa hududida tikuvchilik, duradgorlik, qurilish mahsulotlari,yumshoq mebel yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan jami 13 ta sex mavjud. Mahkumlar bilan o‘zaro suhbat davomida mehnat sharoitlaridan shikoyatlari yo‘qligi va oylik maoshlarini o‘z vaqtida olayotganliklarini bildirishdi.
Monitoring jarayonida ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning muassasadagi qiynoq yoki tazyiqlar borasidagi fikrlari o‘rganilganda qiynoqqa solish bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmadi. Suhbat jarayonida ular turma tartibida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni kamerada yolg‘iz saqlanmasligi (Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq turma tartibida jazo o‘tayotgan mahkumlar orasidan o‘ta xavfli retsidivistlar, kasallar, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va boshqalar mahkumlardan alohida saqlanishi mumkin), ularni ham ishga jalb etish choralarini ko‘rish hamda uzoq muddatli uchrashuvlar sonini ko‘paytirishga oid takliflarini bildirishdi. Shuningdek, sud hukmi chiqib, ularni jazo muddatlarini o‘tashlari uchun koloniyalarga taqsimlanishida ularning yashash hududiga eʼtiborga olinishi taklif qilindi. Jamoatchilik guruhi aʼzolari tomonidan ushbu takliflar qonunchilikka binoan tegishli tartibda inobatga olinishi maʼlum qilindi.
Shu kunning o‘zida Navoiy shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonadagi sharoitlar ham o‘rganildi.
Tashrif yakunida penitensiar muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, undagi ariza va murojaatlar qabul qilindi.
Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar Oliy Majlis palatalariga taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati