Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman so‘roviga asosan Taxiatosh tumanidagi eskirgan Narkologiya dispanseri boshqa hududga ko‘chirildi
Xabaringiz bor, joriy yil boshida ombudsman.uz saytida “Qoraqalpog‘istondagi narkologik bemorlarga yaratilgan sharoitlar amalda yaxshilanmadi – Ombudsman” sarlavhasi ostida xabar eʼlon qilingan edi. Unda Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida u yerda saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi qayd etilgan. Xususan, muassasa binosi to‘liq kapital taʼmirtalab holda bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmaganligi va bemorlarni ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emasligi, filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv mavjud emasligi, asbob-uskunalarning yaroqsiz holatda ekanligi va boshqa kamchiliklar aniqlangan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan taqdimnomalar asosida tegishli chora tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Taxiatosh tumanida joylashgan filialning binosi eskirganligi, bugungi kunda bemorlarni saqlashda va davolashda antisanitar holatga kelganligini inobatga olinib, bemorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 3 iyul kungi buyrug‘iga asosan, Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi.

Kuni kecha Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili ushbu muassasaga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Monitoringda bemorlarga yashash, ovqatlanish, sayr qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa sharoitlar o‘rganildi va sharoitlarning yaxshilangani aniqlandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filiali direktori o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati