"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonunning 202-moddasida Vakil fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari to‘g‘risidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rishi belgilangan.
2024 yilning 23 avgust Xivadagi Musiqa va sanʼat maktabi binosida o‘tkazilgan tadbirda “Tozabog‘”, “Sangar”, “Do‘stlik”, “Yangi hayot”, “Yangi turmush”, “Deshonqalʼa” va “Qiyot” mahallarida yashovchi 100 nafardan ortiq aholi qamrab olindi.
Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari ishtirokchilarni fuqarolar bandligini taʼminlash, pensiya, ijtimoiy nafaqa va kompensatsiya to‘lovlarini tayinlash tartibi, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari, soliq to‘lovlari uchun yaratilgan imtiyozlar, shuningdek, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati bilan tanishtirishdi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda ushbu hududdan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi tomonidan berilgan barcha savollarga masʼullar tomonidan batafsil javob berildi.
Shundan so‘ng, Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakilining sayyor qabuli o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari nazoratga olindi. Unda fuqarolar uy-joy, kadastr, tibbiy yordam olish bilan bog‘liq masalalarda murojaat qilishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati