Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryo viloyatidagi penitensiar muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Davlat rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shu munosabat bilan, 26-27 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Kotibiyati xodimlari, Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari Sirdaryo viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga monitoring tashrifini amalga oshirishdi.

Dastlab, Viloyatdagi 40-son manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat sharoitlari hamda maʼnaviyat va maʼrifat xonalari, kutubxonadagi sharoitlar o‘rganildi.

Shuningdek, koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida Sirdaryo viloyati hunarmandlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tikuvchilik, chilangar va yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlagan 8 nafar mahkumlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Monitoring doirasida koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi va murojaatlari yakka tartibda qabul qilindi. O‘zaro suhbat davomida ularning koloniyada yaratilgan sharoitlar va xodimlarning munosabati bo‘yicha fikrlari o‘rganildi.

Sirdaryoga tashrif doirasida Sirdaryo tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Guliston shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Yangiyer shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy - amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo  viloyat mintaqaviy  filialida, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy - amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo  viloyat mintaqaviy  filiali mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga, Sirdaryo viloyati asab va ruhiy kasalliklar dispanseri, Sirdaryo viloyat IIB JXX JTSB Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 3-Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi 8-son Tergov  hibsxonasiga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tomonidan tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli davlat tashkilotlariga kiritiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati