Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqarolar murojaatlari o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Farg‘ona viloyatidan yuborilgan murojaatlar tahlili ko‘rsatmoqdaki, aholi bandligini taʼminlash, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash, uy-joy bilan bog‘liq muammolar odamlarni ko‘proq tashvishga solmoqda.

Shundan kelib chiqib, 2024-yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabi binosida o‘tkazilgan “Ombudsman maktabi” tadbiri ushbu huquqiy masalalarga bag‘ishlandi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tumanning “Yakkatut”, “Qudash”, “Qirq Ketmon” va “Olmazor” mahallalarida yashovchi aholining 100 nafarga yaqini qamrab olindi.

Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari ishtirokchilarni yoshlar bandligini taʼminlash, zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb qilish, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, pensiya, ijtimoiy nafaqa va kompensatsiya to‘lovlarini olish tartibi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risidagi Qonun”ning mazmun-mohiyati bilan tanishtirishdi.

Erkin muloqot shaklida o‘tgan tadbirda Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakilining fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.

Maʼlumot uchun: "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonunning 202-moddasida Vakil fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari to‘g‘risidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rishi belgilangan.

Ombudsman institutining joylarda fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati