Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fraksiyalar yig‘ilishlarida Ombudsman faoliyatiga oid qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqildi
2024 yilning 9 sentyabr kuni kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyalari yig‘ilishlarida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Maʼlum qilinganidek, ushbu hujjatning maqsadi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini tartibga solishdan iborat bo‘lib, ushbu hujjat 8 bob, 57 ta moddadan iborat. Amaldagi qonun esa 22 moddadan iborat edi.

Qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari, uning asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va faoliyatining kafolatlari kabi normalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos ravishda  takomillashtirilmoqda. Jumladan, Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi belgilanmoqda.

Shuningdek, Vakilga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish huquqi ham berilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi tomonidan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan muqobil maʼruzalar tayyorlashi va tegishli xalqaro tashkilotlarga kiritishi mumkin.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasining muhimligini, inson huquqlarini himoya qilishda Ombudsmanning o‘rni alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar. Qonun loyihasini yana-da takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, deputatlar tomonidan bir qator takliflar bildirildi.

Qonun loyihasi qizg‘in muhokamalardan so‘ng fraksiyalar aʼzolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati