Monitoring tashrifi davomida koloniyaga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, unda qoldirilgan murojaatlar qabul qilindi. Shuningdek, murojaatida Ombudsman mintaqaviy vakilining qabulini so‘ragan mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlashildi. Koloniyadagi sharoitlar bo‘yicha mahkumlar bilan jamoaviy uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilib, baʼzi murojaatlar nazoratga olindi va ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, shu kuni mazkur manzil-koloniyasidagi mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmaganligini aniqlash mezonlari bo‘yicha komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 1021-moddasida Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, xalq deputatlari, mahalliy Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-eʼtiborga ega bo‘lgan vakillari kirishi belgilangan.
Yig‘ilishda koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 274 nafar mahkumlar komissiya aʼzolari tomonidan o‘rganilib, 249 nafar mahkumga tuzalish yo‘liga o‘tganligi bo‘yicha xulosa berildi hamda 2 nafar mahkumga ilgari qo‘llanilgan intizomiy jazo, muddatidan oldin olib tashlandi.
Shu kuni Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan manzil-koloniyada faoliyat olib boruvchi xodimlar hamda muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun mahkumlarning saylash huquqi va undan foydalanish tartibi bo‘yicha targ‘ibot tadbiri ham tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 5-moddasiga asosan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Tadbirda saylov qonunchiligi yuzasidan batafsil maʼlumotlar berilib, ishtirokchilarning saylov jarayoni bo‘yicha qiziqtirgan barcha savollariga javob berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati