Ombudsman Polshaga tashrifi doirasida 2024 yilning 9 oktyabr kuni YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori vazifasini bajaruvchisi Tea Jaliashvili bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida mezbonga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlarini tashkil etish jarayonlari, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, shuningdek, jamoatchilik nazoratini olib borishda faol ishtirok etayotgan fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik haqida so‘z bordi.
Jaliashvili xonim o‘z navbatida O‘zbekistondagi saylov jarayonlarini kuzatib borayotganligini taʼkidlab, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish va ularni mamlakatimiz sharoitiga tatbiq qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar istiqboldagi hamkorlik loyihalari yuzasidan fikr almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati