Tashrif davomida mahkum va mahbuslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish sharoitlari, uchrashuv xonalari, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalarini saqlash holati, shuningdek, hibsxonada vaqtincha saqlanayotgan shaxslarga yaqin qarindoshlari tomonidan olib kelingan yo‘qlovlarni topshirish uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
O‘rganish davomida 600 nafar shaxsga mo‘ljallangan mazkur hibsxonada mavjud 302 ta videokuzatuv kameralarining barchasi soz holda ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakiliga yakka tartibda murojaat qilish istagida bo‘lgan 10 nafarga yaqin mahbus murojaatlari yakka tartibda qabul qilindi. Sayyor qabul jarayonida advokat bilan uchrashish, tibbiy yordam olish, vasiylik va homiylik hamda boshqa mazmundagi murojatlar kelib tushdi.
Shuningdek, “Ombudsman quti”siga tashlangan murojaatlar ham qabul qilinib, ariza mualliflari bilan yakka tartibda suhbatlashildi.
Monitoringda qabul qilingan barcha murojaatlar nazoratga olindi va ular o‘rganib chiqiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati