Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqarolar murojaatlari joyiga chiqib o‘rganilmoqda va ijobiy yechim topmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga yuborilayotgan murojaatlar xolisona ko‘rib chiqilib, lozim hollarda joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Natijada fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida istiqomat qiluvchi S.G. 2024 yil aprel oyida mehnat taʼtiliga chiqqan bo‘lsa-da, tibbiyot birlashmasidan mehnat taʼtili pulini olishda muammolar yuzaga kelgani bo‘yicha murojaat qilgan edi. Ushbu murojaat Ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakili tomonidan nazoratga olinib, prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaro S.G.ning 10 mln so‘mga yaqin mehnat taʼtili puli undirib berildi.

Navoiy viloyatidan yuborilgan murojaatda Navbahor tumanida yashovchi fuqaro M.Yu. noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganini yozgan edi. Mazkur murojaat Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rganildi. O‘rganish davomida maʼlum bo‘lishicha, M.Yu. tug‘ruq taʼtilidan qaytganida uni o‘z lavozimiga emas, balki tug‘ruq taʼtiliga ketgan boshqa xodimning o‘rniga ishga qo‘yishgan. O‘sha xodim ishga qaytgandan so‘ng esa murojaatchi M.Yu.ni ishdan bo‘shatib yuborishgan. Ombudsman aralashuvidan so‘ng, fuqaro M.Yu. o‘z ishiga qayta tiklandi va hozirda faoliyat yuritmoqda.

Quyi Chirchiq tumanidan yuborilgan yana bir murojaatda fuqaro pensiya hisoblashda barcha mehnat faoliyati hisobga olinmaganidan shikoyat qilgan. Murojaatchi N.I. 2023 yildan beri Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limiga fermer xo‘jaliklarida ishlagan 6 yillik ish stajini pensiya hisob-kitobiga qo‘shish bo‘yicha murojaat qilgani, biroq natija bo‘lmaganligini maʼlum qilgan. Murojaat Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, Ombudsman tomonidan kiritilgan taʼsir chorasi natijasida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Quyi Chirchiq tuman bo‘limi komissiyasining 2024 yil 31 maydagi qarori haqiqiy emas deb topildi va 6 yildan oshiq ish staji umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilandi. Pensiya bo‘limiga fuqaroning pensiyasini qayta hisoblash vazifasi yuklatildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati