Dastlab, Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan 1-son Jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurildi. Ushbu koloniya umumiy tartibda jazo o‘tashga hukm qilingan mahkumlarning jazo o‘tashlariga mo‘ljallagan. Tashrif davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish sharoitlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalar holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi.
Keyingi manzil, Buxoro shahrida joylashgan 4-son tergov hibsxonasi bo‘ldi. O‘rganish jarayonida qamoqqa olingan ayblanuvchi va sudlanuvchilarni saqlash sharoitlari, qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tibbiyot bo‘limi hamda ularning yashash joylari ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish holati ko‘zdan kechirildi.
Buxoroga tashrif doirasida viloyatdagi IIB Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonasi, 17 va 20-son Jazoni ijro etish koloniyalari hamda Vaqtincha saqlash hibsxonasiga (VSX) hamda Buxoro narkologiya dispanseriga ham monitoring tashriflari o‘tkazilib, ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati