Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Murojaatlar qo‘shimcha mutaxassislar jalb etilgan holda joyiga chiqib o‘rganilmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga har kuni 100-120ga yaqin yozma va elektron murojaatlar kelib tushadi. Ushbu murojaatlar o‘rganilib, Ombudsman vakolatiga tegishlilari nazoratga olinadi. Nazoratga olinmagan murojaatlar mazmunidan kelib chiqib, ko‘rib chiqish va murojaat muallifini xabardor etish uchun tegishli davlat idoralari va tashkilotlarga yo‘naltiriladi.

Ombudsman nazoratiga olingan murojaatlar bo‘yicha fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha kiritilgan ta’sir choralari, taqdimnoma, xulosa, da’vo arizalari, talabnoma, so‘rovlar natijasida ushbu murojaatlar hal etilmoqda.

Joyiga chiqib o‘rganish zarurati bo‘lgan murojaatlar esa Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga yo‘naltirilmoqda. Fuqarolar murojaatlarini har tomonlama o‘rganish zarur bo‘lgan hollarda mutaxassislar va tegishli tashkilotlar vakillari ham jalb qilinadi.

Joriy haftada ekologik, mehnat va iqtisodiy huquqlarining buzilishi bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi.

Mazkur shikoyatlarning ba’zilari joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlarga oid hujjatlar to‘planib, o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganish natijalariga bo‘yicha tegishli ta’sir hujjati tayyorlanadi.

Fotolavhada Ombudsmanning Buxoro va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillarining murojaatlarni o‘rganish jarayoni tasvirlangan.

Eslatib o‘tamiz, “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10 moddasiga muvofiq, Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi. Ombudsman sud vakolatiga kiruvchi masalalar va fuqarolar o‘rtasidagi nizoli holatlar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqmaydi.

  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati