Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, talaba yoshlar hamda OAV ishtirok etishdi.
Tadbirda inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat tomonidan taqdim etilgan kafolatlar, yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda davlat siyosatining ahamiyati, shuningdek, talabalarning huquqiy bilimlarini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, yoshlar huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida belgilangan normalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Konstitutsiyaning yoshlarning taʼlim olish, shaxsiy rivojlanish va davlat hayotida faol ishtirok etish bo‘yicha kafolatlariga oid moddalar yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, yoshlarning Ombudsmanga yuborgan murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar va ulardan kelib chiqadigan takliflar muhokama qilindi. Talabalar tomonidan berilgan savollar asosida taʼlim, ijtimoiy himoya, mehnat va boshqa sohalarga oid dolzarb masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlar 2024 yilning 15 noyabr kuni Davlat rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan yangi normalar bilan tanishtirildi.
Tadbirda 400 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. O‘zaro savol-javoblar va bahs-munozaralarga boy bo‘lgan uchrashuv yakunida talabalar inson huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik, davlat kafolatlari va Ombudsman faoliyati haqida muhim bilimlarga ega bo‘lishdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 34 moddasida Ombudsman aholining inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari to‘g‘risidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati