Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
2024 yilda Namangandagi 310 nafar mahkum kasb-hunarga o‘rgatildi
Xabaringiz bor, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, Namangandagi jazo muddatini o‘tayotgan 310 nafar mahkumlar o‘z qiziqishlari bo‘yicha kasb-hunarga o‘rgatildi.

2024 yil 20 dekabr kuni Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 6-son Jazoni ijro etish koloniyasida navbatdagi “Oshpazlik” yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kursini tamomlagan mahkumlar o‘rtasida musobaqa tashkil etildi. Musobaqa Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan koloniya maʼmuriyati bilan kelishilgan holda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Namangan viloyati “Oshpazlar” jamiyati hamkorligida o‘tkazildi.

Unda mahkumlar  milliy, uyg‘ur va xorij taomlari hamda turli xil salatlar tayyorlashdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar aniqlanib, ular rag‘batlantirish ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, 1 oylik kursni tamomlagan 70 nafar mahkumga sertifikatlar topshirildi.

Musobaqadan so‘ng Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili ushbu koloniyadagi mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlashdi. Shu kuni “Ombudsman quti”siga kelib tushgan murojaatlar mualliflari bilan ham suhbatlashildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati