Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ayollar koloniyasi haqidagi xabarlar joyiga chiqib o‘rganildi 
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanidagi 21-sonli ayollar jazoni ijro etish muassasasida mahkumalarga nisbatan munosabat, ularning tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi cheklanayotgani va qishki mavsumda yetarli sharoitlar yaratilmagani bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Mazkur holat nazoratga olinib, bugun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. 

Koloniyada 1,5 mingga yaqin mahkumlar saqlanayotgani aniqlandi. Monitoring tashrifida mahkumalarning saqlash sharoitlari, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlari, isitish tizimi holati va kutubxona holati o‘rganildi. 

Monitoring davomida, jamoaviy hamda 10 nafardan ortiq mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlashildi, murojaatlari qabul qilindi. Shu bilan birga, Ombudsman qutilariga kelib tushgan murojaatlar o‘rganish uchun olindi. 

Tibbiyot bo‘limi 83 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, tashrif kuni 31 nafar mahkuma davolanayotganligi aniqlandi. Ular bilan suhbatlashilganida shifokor va hamshiralar faoliyatidan e’tirozi yo‘qligi, dori-darmonlar yetarli ekanligi ma’lum qilindi. 

Mahkumlarning tibbiy ma’lumotlari, jumladan, rentgen natijalarini berish tartibi haqida so‘ralganda ma’lumot mahkumaning yozma arizasiga ko‘ra berilishi va bu borada taqiqlar yo‘qligi ma’lum qilindi. 

Ombudsman vakillari tomonidan mahkumalarning sog‘lig‘ini yaxshilash bo‘yicha tibbiy ma’lumotlarni boshqa mutaxassislarga ko‘rsatish zarurati bo‘lgan paytlarda shu kabi  to‘siqlarni kelajakda yuzaga kelmasligi uchun qonunchilikka muvofiq hal etilishi shartligi  tushuntirildi.

Koloniyada farzandi bilan yashayotgan mahkumalar bilan suhbatlashilganda, bolalariga 24 soat davomida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratilgani qayd etildi. 

Shuningdek, yotoqxonalarda isitish tizimi ishchi holatda ekani va turkum yotoqxonalardagi harorat 19-20 darajani ko‘rsatayotganligi aniqlandi. Isitish tizimi vaqtincha yaxshilanib, so‘ngra o‘chirib qo‘yilayotganihaqidagi shikoyatlar mahkumalar tomonidan tasdiqlanmadi. 

Suhbat jarayonida mahkumalar ularga berilgan kitoblar 1 hafta oldin yig‘ib olinganini ma’lum qilishdi. Koloniya ma’muriyati bu holatni kutubxonadagi sakkiz mingga yaqin turli mazmundagi adabiyotlar yil boshida ta’mirlash va qayta hisobini chiqarish uchun yig‘ib olingani bilan izohladi. Hozirda bu borada muammo yo‘qligi ham ma’lum qilindi. Ombudsman instituti tomonidan mahkumalarni kitobxonlikka targ‘ib qilish hamda ularning kitob o‘qishini uzluksiz tarzda ta’minlashga qaratilgan tavsiyalar berildi. 

O‘rganish jarayonida xabardagi holatlarning aksariyati tasdiqlanmadi. Shu nuqtai nazardan holat har tomonlama o‘rganilishi uchun advokatdan ishga aloqador hujjatlarni Ombudsmanga taqdim etilishi so‘raladi. Agar kelgusida yangi ma’lumotlar yoki murojaatlar bo‘lsa, ular ham har tomonlama o‘rganilib, qonun doirasida tegishli choralar ko‘riladi. 

Ma’lumot uchun: Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 2024 yilning iyul oyida 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ish boshlagan. Mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 20 ta bo‘limga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha ma’lumotlar har chorakda Parlament palatalariga kiritib boriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati