Ayniqsa, xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralishiga qaramasdan ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari hali ham uchrab turibdi. Bu esa masalaning dolzarbligini yanada oshirib, uni tizimli ravishda hal qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Aynan shu maqsadda, Ombudsman Feruza Eshmatova mazkur masala yuzasidan Gender tengligi bo‘yicha ekspert Kamola Aliyeva va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mas’ul xodimi Gulnora Eshonxonova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Xotin-qizlar huquqi va imkoniyatlarini kengaytirish, shu jumladan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqlarning oldini olishning zamonaviy tendensiyalari muhokama qilindi.
Feruza Eshmatova ta’kidlaganidek, “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik – bu faqat shaxsiy muammo emas, balki jamiyatning barqarorligi va adolatga ishonchiga ta’sir etuvchi omildir. Maishiy zo‘ravonlikning oldini olishga oilalardagi ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash orqali erishish mumkin. Sun’iy intellekt va boshqa raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish, media va ijtimoiy kampaniyalar, innovasion ta’lim va targ‘ibot dasturlari, iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kabi zamonaviy loyihalar asosida zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashishda va xotin-qizlarni himoya qilishda olimlar, ekspertlar va jamoatchilik faollari bilan hamkorlik qilmoqchimiz”.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Ombudsmanga kelib tushgan 20 611 ta murojaatning 45,4 foizi ayollar tomonidan yuborilgan. Ularning 409 tasi xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, shaxsiy hayotga aralashish, oilada ayolning tahqirlanishi kabi holatlarga tegishlidir. Ushbu yo‘nalishdagi nazoratga olingan murojaatlarning 197 tasi yoki 66,1 foizi ijobiy hal etilgan. Jumladan, xotin-qizlarning murojaatlari asosida Ombudsmanning prokuratura organlariga so‘rovlariga binoan 4 ta holatda zo‘ravonlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 8 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” berilishida ko‘maklashilgan.
Bundan tashqari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ayollarni zo‘ravonlikka “yo‘q” deya olishlari uchun qonunchilikka kiritilgan yangiliklarni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, “Ombudsman maktabi” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali xotin-qizlarga o‘z huquqlarini bilish, zo‘ravonlikka uchraganda qonuniy himoya vositalaridan qanday foydalanish mumkinligi yuzasidan ularning huquqiy xabardorligi oshirilmoqda.
Suhbat chog‘ida, faqat huquqiy choralar bilan cheklanib qolmasdan, aholi va yoshlar o‘rtasida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shakliga huquqiy savodxonlikni oshirish muhimligi qayd etildi. Bunda ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, mahallalar va boshqa jamoat institutlari bilan hamkorlikda keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borish muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati