Internatlar, vaqtincha saqlash hibsxonalari, jazoni ijro etish koloniyalari ... – har bir joyda inson huquqlarining ta’minlanish holati o‘rganildi. Jumladan, monitoringlarda Surxondaryo viloyatida joylashgan Denov nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar “Muruvvat” internat uyi va Farhod nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar “Muruvvat” internat uyi, Andijon viloyatidagi 3-son tergov hibsxonasi va Izboskan tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Chuama nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar “Muruvvat” internat uyi, Navoiy viloyatida joylashgan maxsus qabulxona va Navoiy shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Toshkent viloyatidagi 21-son Jazoni ijro etish koloniyasida yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Muassasalardagi yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, kutubxona, sport zal, to‘garaklar xonasi, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonasi, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi sharoitlar hamda hududlardagi videokuzatuv kameralari holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Ombudsman quti”lariga kelib tushgan murojaatlar qabul qilinib, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va 60 ga yaqin yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi ta’minlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati