Tashrif doirasida mahbuslarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi, ularning tibbiy varaqalari ko‘zdan kechirilib, dori-darmon bilan taʼminlanish holati va tibbiy xizmat sifati ham tahlil qilindi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, mahbuslardan biri bilan uchrashuvga ruxsat berilmagani haqidagi xabar yuzasidan ham o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, Sirdaryo viloyatidan keltirilgan mahbuslarda qizamiq kasalligi aniqlangan va hibsxona tibbiyot bo‘limi boshlig‘ining qaroriga asosan bir kamerada saqlangan 3 nafar shaxs belgilangan tartibda karantinga olingan.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida karantin davrida ushbu shaxslarni sud va tergov organlariga olib chiqish, advokat va yaqinlari bilan uchrashuvlar vaqtincha cheklanadi.
Monitoring jarayonida advokatlar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ularning bildirishicha, hozirda kasallik belgilari mavjud bo‘lmagan shaxslar bilan uchrashuvlarga hech qanday to‘siqlar yo‘q va ular mijozlari bilan erkin muloqot qilish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, hibsxona hududidagi “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, murojaat o‘rganish uchun qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati