Avvalo, shuni alohida taʼkidlashni istardimki, O‘zbekiston Prezidentining o‘zbek tilidagi nutqi yurtdoshlarimiz qalbida g‘urur va iftixor uyg‘otdi.
Ikkinchidan, davlatimiz rahbari ushbu nufuzli anjumanda nafaqat xalqimiz, balki mintaqamiz va jahon hamjamiyati uchun ham dolzarb bo‘lgan xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish; Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish; BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish; BMT huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish; 2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazish; Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish; Qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish kabi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga taqdim etildi.
Prezidentimiz tomonidan taʼkidlanganidek, qisqa muddatda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi holat butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Fuqaroligi bo‘lmagan 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Gender tenglik davlat siyosatida ustuvor masalaga aylandi. Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda, BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Samarqand xalqaro forumi o‘tkazildi va Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusi qo‘llab-quvvatlanmoqda. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik yana-da mustahkamlanmoqda. Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yo‘naltirilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi.
Siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshdi. Bugun mamlakatimizda kechayotgan barcha sohalardagi islohotlar, demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi. Yangi O‘zbekiston shakllanmoqda.
Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatga yuzlanib, “Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir” – deya murojaat qildi.
Ushbu ezgu maqsad atrofida barchamiz birlashaylik.
Ulug‘bek Muxammadiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)