Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar ombudsmanining 6 oylik axboroti eshitildi
Joriy yilning 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Parlament komissiyasining aʼzolari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy Markaz, Oliy Majlisining Inson huqulari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining 2022 yil 6 oylik faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) A. Yunusova axborot berdi. Axborotda keltirilishicha bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Insoniyat bolaga o‘zida mavjud bo‘lgan eng yaxshisini berishga majburdir. Davlat va jamiyat milliy va xalqaro darajada bolalarni himoya qilish va farovonligini taʼminlash tamoyillariga rioya qilishi lozim. Ota-onalar, jismoniy shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bolalarning huquq va erkinliklarni tan olishi va hurmat qilishi, shuningdek, bolalarni alohida himoya qilishi, ularning erkinliklari va qadr-qimmatini hurmat qilishi, sog‘lom va normal rivojlanishi uchun imkoniyat va shart-sharoitlarni taʼminlashi zarur.

Mahalliy va milliy darajadagi siyosatni ishlab chiqishda bolalar va yoshlarni o‘z manfaatlariga taʼsir qiladigan qarorlarni qabul qilishda ularning fikrini inobatga olgan holda jalb qilish amaliyoti va mexanizmlarini kuchaytirish zarur, bu bolalar va yoshlarning jamiyatdagi ishtiroki uchun huquqiy bazani kengaytiradi. Bu, o‘z navbatida, tinglanish va jamoatchilik fikrini shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatini beradi.

2022 yil olti oyi maboynida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 325 ta murojaatlar qabul qilindi. Shundan, shaxsiy qabulda 125 ta, pochta va Ombudsmanning Virtual qabulxonasi orqali 146 ta, “Ishonch telefoni” orqali 54 ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlar Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 48 ta murojaatlar idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan. 189 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bola huquqlari va erkinlinlarini taʼminlash yuzasidan maʼlumotlar olishni so‘rab 38 ta xat davlat tashkilotlariga yuborildi. Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan murojaatlar ko‘p qelmoqda.

Jumladan, aliment olish huquqiga doir 29 ta murojaatlar o‘rganish davomida bir qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borildi. 2022 yil 6 oyi davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln. so‘m alimentlari undirib berildi.

Tug‘ilganligi qayd qilinmayotgan holat bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlar olib borildi. Respublika bo‘yicha tug‘ilganligi qayd qilinmaganlar ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunda o‘z vaqtida tug‘ilganlik guvohnomasini olmagan 215 nafar bolalarga tegishli guvohnomalar olib berildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi Rahbariyatning topshiriqlarini ijrosini taʼminlash borasida 5 ta yo‘nalishda idoralararo ishchi guruhlari tarkibida faoliyat olib bordi.

“2022-2030 yillarda O‘zbekistonda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda muhokama qilinmoqda. Strategiya bo‘yicha olingan takliflar Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) tomonidan umumlashtirilib, loyihaga kiritilmoqda.

Mazkur Strategiyaning ishlab chiqilishidan asosiy maqsad bolalarni tarbiyalash tizimining muassasa tarbiyasiga bog‘liqligini kamaytirish, bolalar va ularning oilalariga jamoatchilik asosidagi g‘amxo‘rlik qilishga o‘tish orqali har bir bolaning xavfsiz va g‘amxo‘r oila muhitida yashash huquqlarini taʼminlashdir.

Respublika bo‘yicha 12,6 mln. nafar bolalardan 64102 nafari (0,5%) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hisoblanadi. 64140 nafar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalardan 62117 nafari oilalarda, 2023 nafari bolalar muassasalarida tarbiyalanmoqda. 2022 yilning birinchi yarim yilligida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalardan 3274 nafari vasiylikka, 810 nafari homiylikka, 305 nafari patronatga, 1114 nafari farzandlikka berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va qarorlari qabul qilingandan bugungi kunga qadar 18 ta bolalar muassasasi faoliyati tugatildi.

Respublikamiz hududidagi yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan 18 ta muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazildi. Monitoringlar 6 ta hududda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona, viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tqazildi. Monitoringlar davomida 100 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashildi. 50 ga yaqin fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlashildi. Monitoringlarda Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan birgalikda jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etishdi.

Hisobotda BMTning Bolalar masalalari qo‘mitasining 2021 yil 15 fevraldagi qo‘shimcha tavsiyalari, shu jumladan zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalarga qulay xizmatlarni taqdim etish va “Ishonch telefoni”ni yaratish masalasiga oid tavsiyalar ijrosi yuzasidan maʼlumot taqdim etildi.

Parlament komissiyasi Bola huquqlari bo‘yicha vakil axborotini maʼlumot uchun qabul qildi.