Qayd etishim lozimki, Davlat rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan hududlarda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash bilan bog‘liq masaslalarga eʼtibor kuchayadi.
Chunki Farmon bilan Ombudsman institutiga mintaqaviy vakillarning doimiy asosda ishlashi uchun har bir xududga shtat ajratilmoqda. Bu degani har bir hududdagi faoliyat yuritayotgan Ombudsman vakili kun davomida fuqarolar murojaatlari bilan ishlaydi, murojaatchilarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadi, harakatlanish erkinligi cheklangan hududlarga monitoring tashriflarini amalga oshiradi.
Biz jamoatchilik asosida ishlaganimizda holatni o‘z vaqtida joyiga chiqib o‘rganishga doim ham asosiy ishimizdan ortib vaqt ajrata olmaganimiz sababli murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari cho‘zilishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda esa vaziyat butkul o‘zgaradi.
Qolaversa, mintaqaviy vakillarga ko‘plab vakolatlar ham berilmoqda. Jumladan, ular faoliyati davomida o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra arizani (shikoyatni) ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilishi mumkin. Bu esa, murojaatning yana-da obyektiv ko‘rib chiqilishiga va muammoni keltirib chiqargan masalalarga oydinlik kiritishga yordam beradi.
Shuningdek, Farmon bilan mintaqaviy vakil inson huquqlarini taʼminlashda davlat organlari va tashkilotlariga moneliksiz kirishi va ularning mansabdor shaxslari tomonidan zudlik bilan qabul qilinishi belgilab qo‘yilmoqda.
Quvonarli tomoni mintaqaviy vakillarga nafaqat ish o‘rni, balki yetarlicha vakolat ham ishonib topshirilmoqda.
Ombudsmanning milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirishdagi ishtirokining tobora ortib borayotganligi ham O‘zbekistonning xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirayotganligidan dalolat bermoqda.
Respublikamizning davlat boshqaruvi organlari va idoralari Ombudsman murojatiga hurmat va eʼtibor bilan munosabat bildirayotganini ham shu institut faxriysi sifatida qayd etishim lozim.
Eʼtiborlisi, Prezidentimiz Ombudsmanning mamlakatda Inson huquqlari va erkinliklarini mustahkamlash, jamiyatda demokratik tamoyillarni shakllantirish, fuqarolarning dahlsizligini taʼminlash, bu sohada rivojlangan davlatlar tajribalarini o‘rganish hamda jamiyat hayotiga tadbiq qilishdagi xizmatlarini munosib baholamoqda. Yurtboshimizning kuni kecha qabul qilgan Farmoni ham fikrimizning dalilidir. Inson huquqi himoyachilari mazkur hujjatni chin maʼnoda tarixiy ahamiyatga ega farmon deb baholayaptilar. Ochig‘i biz bunday eʼtiborni kutgan edik.
Ayniqsa, mintaqaviy vakillar ushbu qabul qilingan Farmonning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushungan holda vatanimiz fuqarolarining huquq va erkinliklarini taʼminlashda qo‘limizdan kelgan barcha vazifalarni bajonidil bajarishga harakat qilamiz.
Abdumutalib ABDULLAYEV
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili