Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari himoyasining yangi bosqichi: ilmiy-nazariy tahlil
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimiz farovonligi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borilishi natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlanmoqda, har bir fuqaro va oila farovonligi oshib, qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda.

Eng avvalo, fuqarolar uchun davlat idoralariga murojaat qilish borasida katta qulayliklar yaratildi. Prezidentning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni o‘rgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” tasdiqlanishi ham mamlakat hayotidagi muhim voqea bo‘ldi.

Mazkur hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasining “Yo‘l xaritasi”, qolaversa, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalarini va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Farmonga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning normalari talablarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Alohida taʼkidlash lozim-ki, O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga ko‘pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kengashning 46-sessiyasida birinchi marta ishtirok etdi va maʼruza qildi. Mazkur maʼruza xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholandi.

Mazkur hujjatlarda belgilangan maqsad va ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash samaradorligini yana-da oshirish Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini tartibga soluvchi normativ huquqiy hujjatlarni qayta-ko‘rib chiqish va uni to‘ldirish dolzarbligini belgilab berdi.

Darhaqiqat, bugungi davr Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)dan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yangi darajaga ko‘tarishni talab qilar edi.

Shubxasiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6312-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5163-son Qarorining qabul qilinishi yangi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasining yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Mazkur hujjatlar bilan Ombudsmanning inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishdagi eng ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan:

Yigirma yildan ortiq vaqt davomida jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelgan Ombudsmanning mintaqaviy vakillarini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish uchun 2022 yil 1 yanvardan Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 14 ta shtat birligi ajratilishi Ombudsman instituti faoliyatini takomillashtirishdagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Ombudsman mintaqaviy vakillarining asosiy vazifalari etib, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish, hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ahvoli bo‘yicha tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga har yili maʼruza taqdim etish kabilar belgilandi.

Shu o‘rinda xorijiy mamlakatlarning tajribasiga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, Armaniston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Gruziya demokratik Respublikasi, Portugaliya Respublikasi, Polsha Respublikasi, Indoneziya Respublikasi, Pokiston islom Respublikasi Ombudsmanlarining mintaqaviy vakillari tashkil etilishi, faoliyat yuritishi asoslari ushbu davlat Inson huquqlari himoyachilari qonunchiliklarida mustahkamlangan.

Xususan, Rossiya Federatsiyasining har bir subyektida Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyat yuritayotgan bo‘lib, “Rossiya Federatsiyasining subyektlaridagi inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risida”gi federal qonun ularning huquqiy asosi sifatida xizmat qiladi. Funksional jihatdan esa, subyekt ombudsmanlari keng vakolatlar bilan taʼminlanganligi eʼtiborlidir.

Qirg‘iziston Respublikasining 7 ta viloyatida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyat yuritib, ularning har biri 2-3 nafar yordamchi vazifasini bajaruvchi shtat birliklari bilan taʼminlangan.

Polsha Ombudsman institutining tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha, Gdansk, Vroslav va Katovitse shaharlarida davlatning bir nechta “voyevodstava”lari vakili sifatida tayinlanadigan tumanlararo mintaqaviy vakillari tashkil etilgan.

Belgiya qirolligida – federatsiya darajasida 2 ta mustaqil (alohida fransuz tili va alohida niderland tillarida so‘zlashuvchilari uchun) federal ombudsman instituti faoliyat yuritib kelmoqda, shu bilan birga Flamandiya mintaqasida mustaqil Ombudsman instituti, Valloniya mintaqasining ham o‘z Ombudsmani mavjud. Shuningdek, Belgiyaning nemis tilida so‘zlashuvchi qismi ham o‘zining Ombudsmaniga ega. Bundan tashqari, Antverpen, Gent shaharlarining Ombudsmanlari ham mavjud.

Ko‘rinib turibdiki, hozirgi davrda Ombudsman instituti mavjud rivojlangan davlatlarning ko‘plarida mintaqaviy vakillik instituti samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6312-sonli Farmonga muvofiq, Ombudsman fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish huquqi ham kafolatlanmoqda.

Bunday tajriba ko‘plab xorijiy davlat Ombudsmanlarida ham mavjud. Chunonchi, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Tojikiston, Finlyandiya, Polsha, Ukraina, Gruziya kabi davlatlarning Ombudsmanlari inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus axborotlar taqdim qilish huquqiga ega.

Shu bilan birga, Inson huquqlari kafolatlanishida Ombudsman instituti uchun juda ahamiyatli hamda institut maqomini yangi bosqichga olib chiquvchi funksional vakolatlardan biri bu Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lishi va uni Ombudsman to‘g‘risidagi qonunda mustahkamlanishini nazarda tutilishi hisoblanadi.

Huquq nazariyasida xorijiy davlat va mamlakatimiz huquqshunoslari tomonidan qonunchilik tashabbusiga quyidagicha taʼrif berilgan.

Qonunchilik tashabbusi – muayyan organlar, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan qonunlar chiqarish masalasini qo‘yish va ularning loyihalarini ko‘rib chiqish uchun qonun chiqaruvchi organga taqdim etish huquqidir. Qonun chiqarish tashabbusi – qonun chiqarish jarayonining ilk bosqichi. Ushbu jarayon qizg‘in saʼy-harakatlarga asoslanadi, ular natijasida qonun chiqaruvchi organga qonunchilik yuzasidan tegishli takliflar kiritiladi, parlament esa mazkur takliflar asosida yangi qonun chiqarishi, amaldagisini o‘zgartirishi yoki bekor qilishi to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqishga qabul qiladi.

Qonunchilik tashabbusi huquqi esa – Konstitutsiyada belgilangan vakolatli organlar, tashkilotlar va shaxslar tomonidan muayyan qonun loyihasini yoki yangi qonun qabul qilish to‘g‘risida, shuningdek amaldagi qonunni o‘zgartirish yoxud uni bekor qilish to‘g‘risidagi taklifni Oliy Majlis eʼtiboriga taqdim etilishi va parlamentning bu masalani belgilangan tartibda ko‘rib chiqish haqida tegishli qaror qabul qilishidir.

Shu qatorda, alohida taʼkidlash lozimki, qonunchilik tashabbusi huquqining asosiy mezonlaridan biri bu qonun loyihalari hujjatlarining ko‘rib chiqilishi. Yaʼni qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlarining normativ-huquqiy hujjatlarida ushbu huquqga ega ekanligini mustahkamlanishi hisoblanadi.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
83-moddasiga va “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddalariga asosan, qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori egadirlar.

Maʼlumot uchun: Hozirgi vaqtda PF-6312-sonli Farmonining Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlar rejasi ilovasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqini berishni nazarda tutuvchi tuzatish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Shu o‘rinda qonunchilik tashabbusi huquqiga ega horij tajribasiga eʼtibor beradigan bo‘lsak, Serbiya Respublikasining Inson huquqlari himoyachisi qonunchilik tashabbusi huquqi ega. Hozirgi kunga qadar Serbiya Ombudsmani tomonidan Serbiya Parlamentiga 87 ta qonunchilikka o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritish hamda qonunchilik normativ-huquqiy hujjatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha loyihalar kiritilgan.

Lekin o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki, hatto rivojlangan demokratik davlat Ombudsmanlarining aksariyati ushbu huquqga ega emas. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning ushbu huquqga ega bo‘lishi Ombudsmanga jismoniy va yuridik shaxslarning muammolarini nafaqat eshitish hamda yechimini topishga harakat qilish, balki ushbu muammolarni qonunchilik hujjatlari darajasida ko‘rib chiqish vakolatini beradi. Bu vakolat ko‘plab vujudga kelishi mumkin bo‘ladigan nizoli holatlarni qonunchilik hujjatlariga ko‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritish takliflari orqali bartaraf etilishining kafolatlanishi demakdir.

Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish imkoniyati yaratilmoqda.

Maʼlumot o‘rnida shuni taʼkidlamoq kerakki, amaldagi “Oliy Majlisning Inson huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga binoan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilot rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati mavjud. Biroq, PF-6312-sonli Farmoni bilan ushbu vakolat yana-da kengaytirilmoqda, endilikda Ombudsmanning taqdimnomalarini ijro etilishi majburiy qilinmoqda. Albatta, bir tarafdan ushbu taqdimnomalar tashkilotlarning yaqqol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi, ularning juda yuqori yuridik texnikada tayyorlanishi hamda Ombudsman Kotibiyati xodimlarining juda yuqori saviyaga ega bo‘lishini talab etadi. Boshqa tomondan esa, ushbu ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qonun buzilish holatlarini kamayishi hamda inson huquqlari kafolatlanishiga yana-da kuchliroq zamin yaratadi.

Maʼlumot uchun: Ombudsman tomonidan 2020-2021 yil davlat organlari va boshqa tashkilotlarga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 27 ta taqdimnoma kiritilib, ularning 60 foizi ijobiy hal etilib, qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan.

Ukraina Oliy Radasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyatiga nazar soladigan bo‘lsak, Vakil taqdimnomasi – Vakil tomonidan davlat hokimiyati organlariga, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga, jamoat birlashmalariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ularning mansabdor shaxslari va vakolatli vakillariga inson huquqlari va erkinliklarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha bir oy muddatda tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida taqdim etiladigan hujjat.

Huddi shunday vakolat Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsmanida ham mavjud.

Shu o‘rinda Tailand qirolligi Ombudsmanining tajribasi eʼtiborlidir. Ombudsman mutasaddi davlat tashkilotiga inson huquqlari va erkinliklarini buzilishiga olib kelayotgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etilishi yuzasidan ko‘rsatma tavsiyasini berishi mumkin. Ushbu ko‘rsatma 120 kun ichida ko‘rib chiqilishi, zarur hollarda Ombudsmanning xabardorligi bilan 60 kundan ortiq muddatga uzaytirilishi mumkin. Agarda belgilangan muddatlarda mutasaddi davlat tashkiloti tomonidan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, ushbu davlat tashkiloti rahbarining xatti-harakatlari davlat boshqaruv tizimiga putur yotkazayotgan deb hisoblanishi hamda uning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi va tegishli chora ko‘rilishi bo‘yicha Ombudsman tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishi bo‘yicha Milliy komissiyasiga xabar beriladi. Ushbu maʼlumot komissiya ish yurituvi uchun asos hisoblanadi.

Biroq, Ombudsmanning ko‘rsatmasi ijro etilishi imkoni mavjud bo‘lmaganda, mutasaddi davlat tashkiloti Ombudsman bilan birgalikda zudlik bilan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etilishi holatlarini boshqa yo‘llarini ko‘rib chiqishi hamda qabul qilingan umumiy xulosaga rioya etishi lozim. Agarda tomonlar holat yechimi bo‘yicha umumiy xulosaga kelmagan bo‘lsalar, Ombudsman tomonidan holat bo‘yicha Vazirlar Kengashi maʼlumot kiritiladi hamda Vazirlar Kengashining qabul qilgan qarori holat bo‘yicha yakuniy hisoblanadi.

Shu o‘rinda, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish eng yuqori darajasiga ko‘tarilgan xorijiy davlatlar Shvetsiya va Finlandiya tajribasiga ham qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz. Chunki, Shvetsiyada Ombudsman alohida hollarda prokuror sifatida harakat qilishi mumkin. Shved Ombudsmani o‘z majburiyatlari yoki vakolatlarini suiisteʼmol qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan (matbuot erkinligi to‘g‘risidagi qonun yoki so‘z erkinligi huquqiga qarshi jinoyatlari bundan mustasno) jinoyat ishini qo‘zg‘atishi mumkinligi, jinoyat sodir etgan, qo‘pol ravishda yoki tizimli qonunbuzilish holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsni lavozimidan mahrum qilish yoki vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatish to‘g‘risida xulosa berishi hamda ushbu chora to‘g‘risida vakolatli mutasaddi tashkilotlarga xabar berishi imkoni mavjud. Shu bilan birga, mansabdor shaxsni lavozimidan mahrum qilish yuzasidan surishtiruv ishlariga o‘z xulosasini hamda mansabdor shaxsni so‘roq qilish jarayonini kuzatish imkoni beriladi.

Finn Ombudsmani vakolatlari 2011-yilda qonuniga kiritilgan qo‘shimcha orqali hozirda politsiya surishtiruvi yoki sudgacha bo‘lgan tergov o‘tkazilishini so‘rash huquqiga ega.

Mazkur qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida ming nafardan iborat fuqarolar orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rovda asosan mamlakatimizning turli mintaqalaridan kelib markazda istiqomat qilayotgan fuqarolar (Respondentlarning 59% erkaklar va 41% xotin-qizlar, 78% yoshlar va 22% keksa yoshdagi fuqarolar tashkil etdi) ishtirok etishdi.

So‘rov natijalari mamlakatimiz fuqarolari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyati bilan qay darajada tanish ekanligi, Ombudsman harakatining majburiy harakterga aylanayotganligi, uning joylardagi hududiy vakillarining doimiy asosda faoliyat yuritishi, inson huquqlarini himoya qilishning suddan tashqari organi tamoyilidan voz kechish hamda eng muhim funksiya qonunchilik tashabbusi borasidagi fikr va takliflari aniqlandi.

Jamoatchilik fikri so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, 67,8% so‘rov ishtirokchilari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyati bilan to‘liq xabardor bo‘lib, uning faoliyati bilan qisman hatto bunday tashkilot haqida maʼlumotga ega bo‘lmagan fuqarolarning mavjudligi joylarda fuqarolarning huquqiy savodxonligini yana-da oshirish lozimligini tasdiqladi.

Shuningdek, so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi (78,5%) Ombudsman harakatiga majburiy tus berilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda samarali vosita bo‘lib, mamlakatimizda demokratik jamiyat qurishda Ombudsmanning maqomini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Mazkur so‘rovga tanqidiy yondoshgan fuqarolar ham o‘z munosabatini bildirib, Ombudsman tomonidan majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni ishlab chiqilishi inson huquqlari buzilishi holatlari kamayishiga kuchli taʼsir ko‘rsatmasligi bildirib o‘tildi.

Ombudsmanning joylardagi mintaqaviy vakillarini faoliyati doimiy asosda yo‘lga qo‘yilishi so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning ko‘pchiligi 89,6% tomonidan ijobiy baholandi. Bunda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari mustaqil, mahalliy hokimiyatga hisobdor bo‘lmasligi fuqarolarimiz masalalarini ijobiy yechimini topishda hamda ularning ovoragarchiligini oldini olishiga xizmat qiladi.

Mazkur Qonun bilan fuqarolarning manfaatlari yuzasidan Ombudsman tomonidan sudlarga daʼvo ariza bilan murojaat etish huquqi masalasida so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 89,3% ijobiy baholadi. Qolgan ishtirokchilar Ombudsmanni sud hokimiyatidan tashqari faoliyat ko‘rsatuvchi va fuqarolar murojaat qila oladigan mustaqil organ bo‘lishi lozimligi yuzasidan fikr bildirdi.

Shuningdek, Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Parlamentga hamda hukumatga maxsus maʼruzalarni kiritish vakolatining berilishi ham so‘rovnoma ishtirokchilarinning 79,8% tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Chunki Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlar hamda joylarda olib borilgan monitoring ishlari natijalari tahlilida ishlab chiqilgan maxsus maʼruzalar Ombudsmanning yana bir muhim, yaʼni qonunchilik tashabbusini ilgari surishga turtki beradi.

Bu bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning huquqiy maqomi oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yana-da mustahkamlanadi.

Xulosa o‘rnida yana bir bor taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6312-sonli Farmoni bilan Ombudsman – Inson huquqlarining himoyachisi sifatida Inson huquqlari va erkinliklarining yangi huquqiy mexanizmlarga ega bo‘lgani, jumladan, Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi 14 nafar Respublika hududlarida mehnat faoliyatini yurituvchi mintaqaviy vakillari paydo bo‘lishi, Ombudsmaning qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lishi, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rib chiqishi va ijro etilishi lozim bo‘lgan taqdimnoma kiritish vakolati taqdim etilishi, Ombudsman, xorijiy davlat Inson huquqlari bo‘yicha institutlari tajribasini inobatga olib, xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanayotganligi, (ayrim yo‘nalishlarda, misol uchun - Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi ilgarilab ketayotganligi), Ombudsmanning faoliyati aholi o‘rtasida ijobiy baholanishi – Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlanishi Respublikamiz siyosatining asos yo‘nalishlaridan biri ekanligini, ushbu yo‘nalishdagi bugungi kundagi olib borilayotgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining jahon hamjamiyatidagi maqomini yana-da mustahkamlaydi va Ombudsmanning “B” maqomidan “A” maqomiga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Islamov Jasur Yakubovich

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mustaqil izlanuvchisi (PhD)

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati sektor mudiri

 

Yuldashev Aziz Sobirovich

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati bosh maslahatchisi