Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINI HIMOYA qilishdagi DAVLAT SIYOSATI OMBUDSMAN FAOLIYATIDA
Yangilangan Konstitutsiyamizda har bir shaxsning huquqlari va erkinliklari teng eʼtirof etilgan va himoyalangan. Boshqacha aytganda, har bir insonning huquqlari ustuvor bo‘lib, davlatning fuqarolarga nisbatan adolatli va teng munosabatda bo‘lishini kafolatlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, davlatning qabul qilgan har bir qarori va harakati insonning fundamental huquqlari taʼminlanganligini anglatadi.

Bosh qomusimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari, xususan qonunlardagi noaniqliklarning inson foydasiga hal etilishi, “sukut saqlash” huquqining birinchi marotaba belgilanishi, advokatlar maqomi tergovchi va prokuror maqomiga tenglashtirilishi kabi samarali islohotlar yangi konstitutsiyaviy huquqiy makonning barpo etilishiga olib keldi. Mazkur yangilik va o‘zgarishlar esa, o‘z navbatida, inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya qilishni taʼminlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligidan dalolat beradi.

Qolaversa, Konstitutsiya normalari nisbatan so‘zsiz itoatda bo‘lish, unda mustahkamlab qo‘yilgan ustuvor tamoyil va qoidalarni izchil ro‘yobga chiqarish borasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning faoliyatiga ham alohida urg‘u berildi.  

Har qanday davlatdagi Ombudsman faoliyatining samaradorligini unga yuborilayotgan murojaatlar statistikasi va ularni ko‘rib chiqish hamda xal etish natijalariga ko‘ra baholash mumkin.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga eʼtibor mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, inson huquqlarini taʼminlashning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy kafolatlarini yana-da kuchaytirishga hamda bu soha bilan bog‘liq amaldagi mexanizmlarni yana-da takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) ham katta masʼuliyat yuklamoqda. Mazkur islohotlarga hamohang tarzda Ombudsman institutining faoliyat yo‘nalishlari ham takomillashib bormoqda.  

Aytish joizki, xalqaro standartlar asosida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tizimli va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2021 yilning 26 iyunida qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan Ombudsman huzurida Jamoatchilik guruhlarini tuzish va ularga yopiq muassasalarda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Fikrimizning isboti sifatida taʼkidlash joizki, murojaatlarning o‘rganilishi natijasida Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan kiritilgan taʼsir choralari 2020 yilda 40 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 170 taga yetdi. Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha 2020 yilda 76, 2021 yilda 177, 2022 yilda 381 va 2023 yilda 603 marotaba monitoring tashriflari o‘tkazildi.

O‘zbekistonda shaxsning murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy kafolatlangan bo‘lib, bu sohadagi qonunchilik bazaning muntazam takomillashtirishi natijasida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimining samarali vositalari yo‘lga qo‘yildi hamda fuqarolarni qiynayotgan muammolarni birlamchi bo‘g‘inda tezkor hal qilish imkoniyati yaratildi.

Natijada fuqarolarning Ombudsmanga yo‘llayotgan murojaatlari yildan yilga o‘sish surʼatlari namoyon bo‘lmoqda. Birgina, mehnat huquqlarini tiklashga oid murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida 2021 yilda 10 nafar, 2022 yilda 13 nafar va 2023 yilda 38 nafar fuqaro ishga tiklandi.

Ombudsmanning davlat organlari va idoralariga qilgan murojaati asosida 2023 yilda 12 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 1 ta holatda jinoyat ishi qayta malakalandi, 57 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilindi. Salkam 30 nafar masʼul xodimga intizomiy jazo qo‘llanildi, 17 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi va 5 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Mazkur raqamlar o‘z navbatida jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish chog‘ida adolatli va qonunga muvofiq harakat qilishni, masʼul xodimlarning huquqbuzarliklariga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rishni hamda innovatsion usullardan foydalangan holda ular orasida huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy xabardorlik ishlarini tashkil etishni yana-da kuchaytirish lozimligini ko‘rsatdi.   

Umuman olganda, bu kabi maʼlumotlarni o‘rganish va tahlil qilish orqali davlat organlarining ish samaradorligini baholash bo‘yicha xulosalar qilishga imkon yaratiladi. Shuning uchun ham Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) har yillik hisobotlari hamda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari yuzasidan Parlamentga taqdim etiladigan maʼruzalari “ombudsman.uz” rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib boriladi. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida Ombudsmanning har chorakdagi faoliyat natijalariga bag‘ishlangan brifinglar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, davlatning ochiqlik siyosatiga mos ravishda rasmiy veb-saytda Ombudsmanning faoliyatiga doir xabarlar tizimli eʼlon qilib borilmoqda.

Qayd etish lozimki, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasidagi islohotlar natijasida 2020 yilda Global alyans tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyati Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazildi va unga “V” maqomi berildi.

Maʼlumki, o‘tgan yillar mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Ombudsmanning 2021 yildan hozirga qadar faoliyati tahlil qilinadigan bo‘lsa, unga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha davlat tashkilotlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni, fuqarolar manfaatida sudlarga davlat boji to‘lamasdan daʼvo arizalari hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga qonun hujjatlari va ularning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan masalalar kiritish va boshqa huquqlar berildi.

Aytish joizki, so‘nggi yillarda Ombudsmanning qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etishga doir faoliyati yana-da kuchaytirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq 2022 yildan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yurita boshladi, murojaatlar bilan ishlash tizimi raqamlashtirilib, fuqarolarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Konstitutsiya asosida Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida parlament quyi palatasiga kiritish huquqi berildi. Hozirgi kunda fuqarolar bilan tezkor bog‘lanish maqsadida zamon talablariga mos bo‘lgan Ombudsman mobil ilovasi ishlab chiqilmoqda.

Yurtimizda inson huquqlarini taʼminlashdagi amaliy tajriba va bu bo‘yicha qonunchilikning takomillashuvi, shuningdek Ombudsman faoliyatining kuchaytirilayotganligi natijasida nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan milliy Ombudsmanning xalqaro maqomini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Boshqacha aytganda, Ombudsmanning Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha “A” maqomiga daʼvogarlik qilishiga zamin yaratildi.

Parij tamoyillari inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning xalqaro maydonda tan olinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu institutlar ushbu tamoyillarga rioya qilish orqali inson huquqlarini samarali himoya qilish va ilgari surishda muhim rol o‘ynaydi.

Aytish joizki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining yangi tahriri tayyorlanib, ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu Qonunning qabul qilinishi institutning huquqiy asoslari mustahkamlanishi barobarida fuqarolarning buzilgan huquqlarining tiklanishi bilan bog‘liq mexanizmlarning yana-da samarali ishlashiga xizmat qiladi.

Dunyoda Ombudsman institutlari fuqarolarning davlat organlari bilan bog‘liq muammolarini hal etishda ko‘maklashish nuqtai nazaridan inson huquqlarini himoya qilish va uning kafolatini taʼminlash mexanizmi hisoblanadi. Shu sababli ushbu institut 190 dan ortiq mamlakatlarda joriy etilib, uning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Jahon miqyosidagi taraqqiyot surʼatlari muntazam izlanishlar va ilg‘or tajribalarni o‘rganishni talab etmoqda. Shu sababli Ombudsman instituti ham xorijiy davlatlarning ilg‘or amaliyotlarini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasidan maʼlumki, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligining oshishi va inson kapitalining rivojlanishi inson huquqlarining ishonchli va samarali himoya qilinishi bilan chambarchas bog‘liq. Binobarin, inson huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish, qonun hujjatlari va amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishda Ombudsman instituti mustahkam o‘ringa ega.

Misol uchun, Finlyandiya Ombudsmani yuz yildan ziyod vaqt davomida inson huquqlarining taʼminlanishi va davlat organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirib kelmoqda. U o‘z faoliyatida fuqarolar murojaatlariga oson va tezkor tarzda javob qaytarishga, ularni ko‘rib chiqishda zamonaviy usullardan foydalanishga, jamoatchilik bilan faol muloqot qilishga intiladi. Bundan tashqari, muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish borasida tadqiqot va tahlillarni olib boradi hamda faoliyati haqida fuqarolarni xabardor qilishga intiladi. Mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida monitoringlar o‘tkazadi. Finlyandiyadagi qamoqxonalarda asosiy eʼtibor mahkumlarni tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, taʼlim olish va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishini taʼminlashga qaratiladi.  

Yuqorida taʼkidlanganidek, Finlyandiyadagi ushbu innovatsion yondashuvlar O‘zbekistonda ham joriy etilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, davlat organlarining mansabdor shaxslari Ombudsmandan yuborilgan murojaatlarga ustuvorlik beradi. Farqli tomoni, Finlyandiyadagi mahkumlar o‘z murojaatlarini Ombudsmanga faqatgina qamoqxona maʼmuriyati orqali yo‘llashlari mumkin. Ushbu Ombudsman monitoringni reja asosida har 4-5 yilda bir marotaba o‘tkazadi.

O‘zbekistonda esa xalq bilan muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilishi natijasida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalardagi shaxslar ham chetda qolmagan. Ularning murojaatlari “Ombudsman quti”lari hamda tizimli sayyor qabullar orqali qabul qilinadi. “Ombudsman quti”lari Ombudsman xodimlari tomonidan ochiladi, ular videokameralardan xoli bo‘lib, mahkumlar uchun qulay joylarga o‘rnatiladi. Bu esa mahkum va mahbuslarga shikoyatlarni bevosita, xavfsiz va maxfiy tarzda yuborish imkonini beradi. Bu tizim mahkumlarning muammolarini eshitish va ularni hal etish uchun muhim qadam hisoblanadi.

Bugungi kunda murojaatlarning maxfiyligini taʼminlash, sohadagi masʼullarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish, ochiqlik va shaffoflik kabi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni yana-da takomillashtirishga, shuningdek fuqarolarning Ombudsman faoliyatiga ishonchining oshishiga yordam berishiga ishonamiz.

Xulosa o‘rnida aytishim mumkinki, O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar rivojlangan davlatlar tajribasidan ortda qolmayati. Eng muhimi, maqsadimiz va tanlangan yo‘limiz aniq. Ramziy maʼnoda inson huquqlarining qo‘riqchisi hisoblangan Ombudsman institutiga esa insoniyatning eng yuksak qadriyatlarini himoya qilish uchun zaruriy sharoitlar yaratilgandir.

Feruza ESHMATOVA

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)