Konstitutsiyamizning yangi tahririga hibsga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi va shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi bo‘yicha ham alohida norma kiritildi.
Mazkur normalarning bevosita Konstitutsiyada aks etishi mamlakatimizda inson qadri ustuvorligi va qiynoq holatlariga qarshi kurash borasida O‘zbekiston o‘z qatʼiy pozitsiyasiga egaligini ko‘rsatadi. Bu jarayonda hukumat tizimni isloh qilish bilan birga, ular ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini maqsad qilgan.
Aslini olganda qiynoqlarga qarshi kurashish masalasi dunyo miqyosidagi eng og‘riqli muammolardan sanaladi. Shu sababli dunyo hamjamiyati ushbu illatga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish, xalqaro miqyosda bajarilishi majburiy bo‘lgan normalarni ishlab chiqish yo‘lidan bormoqda.
Maʼlumki, 2002 yil 18 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyaga doir fakultativ protokolida milliy preventiv mexanizm (MPM) tashkil etilishi nazarda tutilgan.
MPM – har qanday qiynoq ko‘rinishlari oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflari tizimini yaratishdir.
Sir emas, ozodlikda bo‘lgan insonlarga nisbatan harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash biroz murakkab jarayon edi. Chunki, avvallari yopiq muassasalarda bo‘layotgan hodisalar doim ham jamoatchilik nazoratida bo‘lavermasdi.
2019 yilda Ombudsman huzurida ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng penitensiar muassasalar Ombudsman va jamoatchilik vakillarining doimiy nazoratida bo‘ladigan obyektlarga aylandi. “Ombudsman plyus” modeli asosida tashkil etilgan MPM harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Ombudsman va jamoatchilik vakillarining muntazam ravishda kirishi va u yerda saqlanayotgan fuqarolar sharoitlarini o‘rganishi, ular bilan muloqot qilishiga zamin yaratdi.
Tashriflarda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilmoqda. Ahamiyatli tomoni, monitoring tashriflarida OAV xodimlari ham ishtirok etib, ularga penitensiar muassasalardagi sharoitlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, mahkum hamda mahbuslar bilan muloqot qilish uchun imkoniyat yaratildi. Monitoring tashriflari davomida aniqlanayotgan kamchiliklar yuzasidan tahliliy maʼlumot va axborotlar, xulosa va taqdimnomalar hamda talabnomalar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilmoqda.
birgina 2022 yil yakuni bo‘yicha 381 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan bo‘lsa, 2023 yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 348 tani tashkil etdi. Raqamlardan ham maʼlumki, Ombudsman jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda mahkum va mahbuslarga qonunchilikda belgilangan sharoitlarni o‘rganish va qiynoq holatlarini aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha faoliyatini kuchaytirib bormoqda. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi. 2019 yildan to hozirga qadar 25 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy, ularning 6 mingga yaqini bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 2019-2022 yillar va 2023 yilning birinchi yarim yilligida 10 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan va nazoratga olingan. Ushbu raqamlar mahkum va mahbuslarning Ombudsmanga murojaat qilish huquqlari taʼminlanayotganini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari va ularning ahamiyatiga to‘xtalish zarur. Ushbu qutilar mahkum va mahbuslar murojaat tashlashi uchun qulay joylarga o‘rnatiladi va ularni faqatgina Ombudsman vakili ochish huquqiga ega. Bu murojaat va arizalar har ikki haftada ko‘rib chiqish uchun olib ketiladi.
2022 yildan eʼtiboran Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshlashi ham penitensiar muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari qamrovini yana-da kengaytirdi.
Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan qiynoqqa oid xabarlar ham tezda nazoratga olinib, joyiga chiqib o‘rganilyapti va tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Qayd etish lozimki, Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yana-da kuchaytirildi. Jumladan, Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklandi.
O‘zbekistonda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanilmasligi mumkinligi ham qatʼiy belgilab qo‘yilganini qayd etish lozim. Qolaversa, mansabdor shaxslarni noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanilishi belgilangan. Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu kabi normalar ko‘plab davlatlar qonunchiligida mavjud emas.
Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi qarori bilan Qoraqalpog‘istondagi Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatilishi ham qiynoq holatlarini bartaraf etish borasidagi muhim qadam bo‘ldi.
Umuman olganda, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlarni hozirgi va 5 yil avvalgisi bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Ushbu o‘zgarishlar, albatta, tizimdagi islohotlar va jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi mevasidir.
Keyingi yetti yilda mahkumlarning qonuniy huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan 5 ta qonun, Prezidentning 1 ta farmoni, 6 ta qarori, hukumatning 11 ta qarori va farmoyishi, 15 dan ortiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bularning barchasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi prinsiplarini to‘laqonli amalga oshirish uchun xizmat qiladi, albatta.
BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasi asosida qabul qilingan Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari 2019 yilda milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilindi. Unga ko‘ra, mahkumlarga psixologik yordam olish huquqi berildi, tibbiy yordamga muhtoj mahkumlarni sog‘liqni saqlash muassasalariga joylashtirish, og‘up kasallikka chalinganlariga telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashishga, shifokorning ruxsati bo‘lsa, yaqinlari bilan uchrashishga ruxsat berildi, ruhiy holati buzilgan vaqtda mahkum tomonidan sodir etilgan tartibbuzarlik uchun intizomiy jazo choralarini qo‘llash bekor qilindi.
2019 yildan mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya taʼminotiga ega bo‘lishi taʼminlandi hamda yopiq turdagi koloniyalardagi mahkumlarning telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar olish soni qariyb ikki barobarga ko‘paytirildi.
Qonunchilikka 2023 yilda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, mahkumlarning muassasada ishlagan davrini umumiy mehnat stajiga qo‘shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, mahkumlarning huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib, ularga surdotarjimon xizmatidan foydalanish huquqi berildi hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan mahkumlarning yashash maydoni 2,5 kvadrat metrdan 3 kvadrat metrgacha oshirildi va ular uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlanishi belgilandi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jinsi, yoshi, sog‘lig‘i holati, mehnat qobiliyati va ixtisosligini hisobga olgan holda ishlashining belgilanishi ham insonparvarlik tamoyilining yorqin ifodasidir.
Saylov kodeksiga muvofiq, ijtimoiy xavfi katta va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan mahkumlarga saylov huquqi berilib, ularning davlat boshqaruvida ishtirok etishiga zamin yaratildi. Maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yil 9 iyuldagi Prezident saylovida penitensiar muassasalarda saqlanayotgan 34 mingga yaqin shaxs ishtirok etdi.
Jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni, jumladan, intellektual “Smart” kameralar, videoregistrator, rentgen-skaner qurilmasi, elektron do‘konlar joriy etish, “onlayn” videouchrashuv xizmatini yo‘lga qo‘yish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Albatta, tizim faoliyatining raqamlashtirilishi penitensiar muassasalarda ishlovchi xodimlar ishini yengillashtirishi bilan birga ular masʼuliyatini ham oshiradi. Pirovardida, qiynoq holatlarining oldini olish orqali inson huquqlari taʼminlanishiga zamin yaratiladi.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)