Tomonlar o‘z vakolatlaridan kelib chiqib, fuqarolarning siyosiy huquqlari, hususan saylov huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini hamkorlikda keng jamoatchilikka yetkazish, harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida hamkorlikda monitoringlarni amalga oshirish, qonunchilikka muvofiq jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov jarayonida huquqlari taʼminlanishini monitoring qilish, saylovchilar va nomzodlardan tushayotgan murojaatlarni hamkorlikda ko‘rib chiqish va tegishli qonuniy choralarni ko‘rish hamda saylov qonunchiligi buzilishi holatlarini bartaraf etish borasida tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.
Memorandum imzolanishidan maqsad - O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi va saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi yangiliklar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyati, shuningdek saylovchilarning huquq va erkinliklarini keng tushuntirish bo‘yicha ishlar samaradorligini yana-da oshirishdan iborat.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati