Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mustaqillik buyuk neʼmat va erkinlikdir
O‘zbekiston o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganiga va mustaqil taraqqiyot yo‘liga o‘tganiga 31 yil to‘ldi. Inson baxtli bo‘lishi uchun erkin bo‘lishi, erkin bo‘lishi uchun esa mustaqil bo‘lishi kerak. Demak biz, eng avvalo, mustaqillikning mazmun-mohiyatini anglab olishimiz va yosh avlodga uning ahamiyatini yetkazishimiz zarur bo‘ladi. Inson “mustaqillik” deganda o‘z taqdiriga o‘zi egalik qilish huquqi ekanligini anglashi va uni yana-da mustahkamlashga intilishi zarurligini tushinish lozim. Shuning uchun ham har bir inson “mustaqillik” degan so‘zning tub maʼnosini tushunib yetishi, bu so‘zning buyuk neʼmat ekanligini anglashi va unda naqadar ulug‘ maʼno yotganligini anglashi ahamiyatlidir.

Mustaqillik, eng avvalo, inson huquq va erkinliklarining ro‘yobga chiqishidir. Bu huquq va erkinliklardan samarali foydalana olish esa har bir insonning dunyoqarashi, isteʼdodi va qobiliyati bilan o‘lchanadi.

 Inson Vatan tuyg‘usi bilan yashashi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtini sevishi va ardoqlashi, vatan mustaqilligini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘sha olishi eng oliy tuyg‘u hisoblanadi.

1991 yilda davlat mustaqilligining eʼlon qilinishi o‘zbek xalqining qaddini rostladi. Vatanga bo‘lgan qadr-qimmat va mehr-muhabbat ortdi, sobiq ittifoq davrida zo‘ravonlik yo‘li bilan yo‘q qilingan milliy qadriyatlarimiz, dinimiz, urf-odatlarimiz (“Navro‘z” bayrami, Ramazon hamda Qurbon haytlari), marosim va bayramlarimiz yana xalqqa qaytarildi.

Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.  

Mustaqillik el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lishi, qadr-qimmatini anglashi, munosib hayot kechirishi, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishi kabi imkoniyatlarni yaratdi.  

Mustaqillik har bir insonning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda isteʼdod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zamini bo‘lib qoldi. Bunda inson mana shu oddiy haqiqatni to‘g‘ri tushinib, o‘z qalbiga singdirgan taqdirdagina, o‘z millatiga, vataniga bo‘lgan sadoqati oshib boraveradi. Buning natijasida odamlarni jipslashtiradigan va taraqqiyot sari yetaklaydigan milliy g‘oya paydo bo‘ladi. Demak, milliy g‘oya odamlarning mustaqillikni to‘g‘ri anglashi, vaziyatni baholashi va uni mustahkamlashga undovchi qarashlarini anglatadi.

Mustaqillik sharofati bilan biz o‘z tariximizni qayta va obyektiv holda o‘rgandik. Biz o‘zimizning kim ekanligimizni, kimlarning davomchilari ekanligimizni anglab oldik. O‘z tariximizni o‘rganish xalqimizning bilim va maʼnaviyati yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bilim va maʼnaviyat faqat ijtimoiy va gumanitar fanlarni o‘rganish negizidagina shakllanadi. Biz bu fanlarni o‘zlashtirganimizdagina savodli va maʼlumotli bo‘la olamiz.

Endilikda biz mustaqillik sharofati bilan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi bobokalonlarimizning davomchilarini tarbiyalay boshladik.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi taʼminlandi, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizning o‘ttiz bir yillik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qisqa davr ichida, ayniqsa uning oxirgi olti yilligida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy hayotida tub islohotlar va burilishlar davri bo‘layotganligini sezmoqdamiz.  

Biz shu kunlarda davlat mustaqilligining 31 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Mana shu qisqa davr mobaynida mamlakatimizning bosib o‘tgan murakkab yo‘lini, uning erishgan muvaffaqiyatlari-yu, rivojlanishning sekinlashish davrini eslashimiz va bunda taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlarga, erishilgan natijalarga xolisona baho berishimiz, ushbu natijalar mohiyati va ahamiyatini keng jamoachilikka yetkazishimiz maqsadga muvofiqdir.

Darhaqiqat, biz mustaqillik tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qildik. Istiqlol tufayli yurtimizni jahon hamjamiyati tanidi, xalqimizning fidokorona mehnati-yu, yoshlarimizning har sohadagi yutuqlari, g‘ayrati va azmu shijoati tufayli vatanimizning shon-shuhrati olamga yoyildi.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan xalqchil, adolatli va keng qamrovli islohotlar butun xalqimiz hayotida o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bunda xalq manfaati barcha narsadan ustun darajaga olib chiqildi, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil ostida barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari o‘z faoliyatlarini olib bormoqda.

Shu jihatdan ham olib qaralganda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni Qonunda belgilangan tartibda va o‘z vakolatlari doirasida har tomonlama va sifatli ko‘rib chiqib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashda o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Ayniqsa, oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlari Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish sohasidagi rolini oshirishga xizmat qilib, Ombudsmanga bu yo‘nalishda bir qator yo‘nalish va vazifalarni belgilab berdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6312-sonli Qarori bilan Ombudsmanga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini, shu jumladan ularning buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali taʼminlash kabi vazifalar yuklatildi.

Ombudsman yuqoridagi vazifalarni sifatli va to‘laqonli bajarishni taʼminlashda bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Ombudsman nomiga fuqarolardan 2022 yilning birinchi yarim yilligida 7199 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlar tahlil qilinganda, ularning 13,6 foizi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 32,5 foizi ijtimoiy huquqlariga, 25,0 foizi iqtisodiy huquqlariga, 15,4 foizi siyosiy huquqlariga va 0,8 foizi ekologik huquqlariga oid bo‘ldi. Kelib tushgan murojaatlarning qariyb 30,0 foizi Ombudsman tomonidan nazoratga olindi.

Shu bilan birga, 2022-yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga (gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalariga) 156 marotaba (2021 yilning birinchi yarim yilligi davomida 71 marotaba, 2020 yilning birinchi yarim yilligida 41 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Ushbu tashriflarda Ombudsman, uning Kotibiyati masʼul xodimlari va mintaqaviy vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlarining va ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik faollari, inson huquqlarini himoya qilishda va monitoring tashriflarini o‘tkazishda amaliy bilimlarga ega bo‘lgan oliy taʼlim muassasalarining pedagoglari va tibbiyot xodimlari ishtirok etib, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslarni saqlash sharoitlari, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqalar o‘rganildi. Tashriflar yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, xulosalar va taqdimnomalar mutasaddi vazirlik hamda idoralarga ko‘rib chiqish va choralar ko‘rish uchun yuborildi.

Davlatimiz mustaqilligining 31 yilligini «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» degan bosh g‘oya asosida keng nishonlash jonajon Vatanimizda inson qadr-qimmatining, shaʼni-g‘ururining nechog‘lik ustun qo‘yilganligidan, yurtimiz tinchlik va barqarorlikka erishilganligidan, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligi taʼminlanganligidan hamda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning mustahkamlanganligidan darak berishini unutmasligimiz darkor.

Saloxiddin HAMDAMOV

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining

Fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy targ‘ibot sektori mudiri