Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Nogironligi boʻlgan bolalarning oilaviy muhitga boʻlgan huquqlarini kafolatlashimiz zarur
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etar ekan, Oʻzbekistonda alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlagani bejiz emas.

Mamlakatimizning nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri – nogironligi boʻlgan shaxslarga Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari hamda prinsiplari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni taʼminlash hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etar ekan, Oʻzbekistonda alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlagani bejiz emas.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinmoqda. Bu oʻrinda Konstitutsiya, 40 dan ortiq qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjati koʻzda tutilgan.

2020-yil 15-oktyabrda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Joriy yilda Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilindi.

Oʻzbekistonda 760 ming nafardan ziyod nogironligi boʻlgan shaxs, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar istiqomat qiladi. Ular ijtimoiy himoya va qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.

Davlat nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi, sodda qilib aytganda, alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunining 3-bobidagi moddalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilangan.

Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat boʻlishidan qatʼiy nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik koʻrsatayotgani juda muhim.

Shu bilan birgalikda, nogironligi boʻlgan bolalarning oilaviy muhitga boʻlgan huquqlarini kafolatlashimiz zaruriyati mavjud.

BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi oʻzining qirq uchinchi sessiyasida (Jeneva, 2006-yil 11-29-sentyabr) “Nogiron bolalarning huquqlari” toʻgʻrisidagi 9-sonli umumiy tavsiyalarini qabul qildi. (CRC/C/GC/9, 2007-yil 27-fevral)

Umumiy tavsiyaning 6-bandida Konvensiyaning barcha qoidalarini inobatga olgan holda, ishtirokchi-davlatlar nogiron bolalar huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirishi va ularga koʻmaklashishi koʻrsatilgan.

Eʼtiboringizni umumiy tavsiyalarning 41-bandiga qaratsam, unda:

agar oila zarur boʻlgan barcha narsalar bilan yetarli darajada taʼminlangan boʻlsa, imkoniyati cheklangan bolalar oʻz oila muhitida eng yaxshi gʻamxoʻrlik va tarbiya olishi;

oilalarni qoʻllab-quvvatlash ota-onalar, aka-ukalarni nafaqat nogironlikning oʻzi va uning sabablari, balki har bir bolaning alohida jismoniy hamda ruhiy ehtiyojlari haqida oʻqitishni oʻz ichiga olishi;

nogiron bolalarning oilalari duch keladigan stress va muammolarga javoban psixologik-ijtimoiy yordam koʻrsatish;

ota-onalar, aka-uka va opa-singillarni nogiron qarindoshlari bilan muloqot qilish imkoniyatini yaratish uchun oila aʼzolariga umumiy tilni, masalan, imo-ishora tilini oʻrgatish;

nogiron bolaga munosib hayot kechirishi, mustaqil va toʻliq gʻamxoʻrlik qilishi uchun zarur boʻlgan maxsus nafaqalar, isteʼmol tovarlari va zarur jihozlar masalan, maxsus mebel va transport vositalari koʻrinishida moddiy yordam koʻrsatish;

oila va jamiyat hayotida ishtirok etishni taʼminlash tavsiyalari ishtirokchi davlatlarga berilgan.

Shu munosabat bilan, nogironlar qaramogʻidagi bolalarga ham yordam koʻrsatilishi kerak. Masalan, nogiron ota-onasi yoki boshqa tarbiyachi bilan birga yashaydigan bola, uning huquqlarini toʻliq himoya qiladigan va agar bu eng yaxshi manfaatlarga mos keladigan boʻlsa, ota-onasi bilan yashashni davom ettirishga imkon beradigan yordam olishi kerak. Yordamchi xizmatlar, shuningdek, kasallarga vaqtinchalik yordam koʻrsatishning turli shakllarini, masalan, uyda yordam yoki jamoat darajasida kunduzgi parvarishlashni oʻz ichiga olishi kerak. Ushbu xizmatlar ota-onalarga ishlash, shuningdek, ish yukini kamaytirish va sogʻlom oila muhitini saqlashga yordam beradi. Koʻpgina jamoalarda bolalarga gʻamxoʻrlik qilishning asosi boʻlib qolayotgan va bola parvarishining eng yaxshi alternativlaridan biri hisoblangan oilaning roli kuchaytirilishi va bolani, uning ota-onasini yoki boshqa gʻamxoʻrlik qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlashi kerak.

Koʻpgina davlatlarda homiylik tarbiyasi muqobil parvarishning qabul qilingan va keng tarqalgan shaklidir, koʻplab homiylik ostidagi oilalar nogiron bolaga gʻamxoʻrlik qilishda ikkilanishadi, chunki nogiron bolalar koʻpincha muammolarni keltirib chiqarishi yoki qoʻshimcha gʻamxoʻrlik, jismoniy, psixologik, aqliy rivojlanish uchun alohida ehtiyojlari boʻlishi mumkin deb uylashadi. Shu sababli, bolalarni homiylik ostidagi oilalarga joylashtirishga masʼul boʻlgan tashkilotlar tegishli oilalarni zarur taʼlim va ragʻbatlantirishni taʼminlashi va homiylik ostidagi oilaning nogiron bolaga tegishli gʻamxoʻrlik koʻrsatishi uchun ularni qoʻllab-quvvatlashi kerak.

BMTning Bola huquqlari Qoʻmitasi koʻplab mamlakatlarda ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalariga joylashtirilgan nogiron bolalar sonining koʻpligidan oʻz xavotirini bildirgan. Ularda koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati, xoh u taʼlim, xoh tibbiy yoki reabilitatsiya boʻlsin, koʻpincha nogiron bolalarga gʻamxoʻrlik qilish talablariga javob bermaydi. Belgilangan standartlarning yoʻqligi, standartlarga mos kelmasligi, ularga rioya etilmasligi yoki yetarli nazorat qilinmasligi bunga sabab boʻladi. Bunday muassasalar nogiron bolalar psixologik, jismoniy, jinsiy va boshqa zoʻravonlik shakllariga, shuningdek, eʼtiborsizlikka koʻproq uchrashi mumkin boʻlgan zaif maxsus muhitdir.

Shu munosabat bilan, Qoʻmita ishtirokchi-davlatlarni institutlashtirishdan faqat oxirgi chora sifatida, oʻta zarur hollarda va bolaning manfaatlarini koʻzlab foydalanishga chaqiradi. U ishtirokchi-davlatlarga faqat bolaning erkinligini yoki erkin harakatlanish huquqini cheklash maqsadida bolalarni muassasalarga joylashtirish amaliyotiga chek qoʻyishni tavsiya qiladi. Bundan tashqari, mavjud bolalar muassasalarini qayta tashkil etish, bolaning huquqlari va ehtiyojlarini toʻliq hurmat qiladigan kichik turar-joy binolariga ustuvor ahamiyat berish, muassasalarda bolalarni parvarishlash darajasining milliy standartlarini ishlab chiqishga eʼtibor qaratish lozim. Tartib-qoidalarga rioya qilish va standartlarning samarali bajarilishini taʼminlash uchun nazorat olib borishlari zarur.

Umumiy tavsiyalarning 48-bandiga eʼtibor qaratsak, Qoʻmita nogiron bolalarni ota-onalaridan ajratish va muassasalarga joylashtirishda ularning fikri kamdan-kam inobatga olinayotganidan xavotirda. Umuman olganda, bu qarorlar bolalar hayoti va kelajagi uchun uzoq muddatli taʼsir koʻrsatishiga qaramasdan, qaror qabul qilish jarayonlari bolalarni toʻliq sheriklar sifatida etarli darajada koʻrib chiqmaydi. Shu munosabat bilan Qoʻmita ishtirokchi-davlatlarga nogironligi boʻlgan bolalarning fikrlarini birlashtirish va baholash jarayoni, ota-onalardan ajralish va muassasaga joylashtirish orqali hamda oʻtish davrida ularning barcha masalalarda ishtirok etishiga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakatlarini davom ettirishni va kuchaytirishni tavsiya qiladi. Qoʻmita, shuningdek, himoya choralarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida, qaror qabul qilishdan oldin, uni amalga oshirish jarayonida va undan keyin bolalarning fikrini eshitish kerakligini taʼkidlaydi. Shu munosabat bilan Qoʻmita ishtirokchi-davlatlarning eʼtiborini 2005-yil 16-sentyabrda ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar boʻyicha umumiy muhokama kunida qabul qilingan Qoʻmita tavsiyalariga qaratadi (CRC/C/153, 636-689-bandlar).

Shu sababli, bolalarni institutlashtirish masalalarini koʻrib chiqishda ishtirokchi-davlatlarga bolalarni institutlashtirishdan chiqarish va ularni oilalariga qaytarish, homiylik yoki homiylik ostidagi tarbiya dasturlarini ishlab chiqish taklif etiladi. Ota-onalar va oilaning boshqa aʼzolariga bolaning uy sharoitiga integratsiyalashuvini osonlashtirish uchun zarur va tizimli yordam koʻrsatilishi kerak.

Ushbu umumiy tavsiyalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan deinstitutsionalizatsiya jarayonida muhim ahamiyat tutishini yoddan chiqarmasligimiz zarur.

Aliya Yunusova,

Bola huquqlari boʻyicha vakil