Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, shuningdek BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 26-iyunda “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5163-sonli Qarori qabul qilindi.

Qaror bilan gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida (keyingi o‘rinlarda – harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar) qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining (keyingi o‘rinlarda – qiynoq holatlari) oldini olish va aniqlash tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Jumladan, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik guruhlari) tashkil etilib, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirish yuzasidan asosiy vazifalar belgilandi.