Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Samarqand viloyatida bo‘lib, inson huquqlarining taʼminlanish holatlarini o‘rgandi
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish hamda ushbu jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirish lozimligi qayd etilgan.

Shu munosabat bilan Ombudsman va jamoatchilik guruhi tomonidan milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Samarqand viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Ombudsman Kotibiyati xodimlari hamda Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tegishli davlat idoralari va mahalliy hokimiyat masʼullaridan iborat ishchi guruhi dastlab Samarqand shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand mintaqaviy filialida bo‘lib, bu yerda davolanayotgan bemorlar va ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Ishchi guruhi asosiy eʼtiborni bemorlarning davolanishi, dam olishi, ovqatlanishi, shuningdek ular uchun ajratilayotgan dori-darmon vositalari bilan taʼminlanganlik darajasiga qaratishdi.

Mazkur filial 1983 yilda barpo etilib, davolanish uchun 240 o‘ringa mo‘ljallangan. Uning 100 o‘rni sud qarori bilan majburiy tarzda davolanadigan shaxslar uchun ajratilgan. Majburiy tartibda olib kelingan shaxslar 6 oydan 1 yilga qadar davolanishadi. Monitoring tashrifi vaqtida muassasada barcha o‘rinlar band bo‘lib, ularning 6 nafari ayollar bo‘lgan.

Ombudsman boshchiligidagi jamoatchilik guruhi aʼzolarining eʼtiborini palatalarda 16-18 nafargacha shaxslar saqlanayotganligi, ularning yotoq joylari bir-biriga juda yaqin joylashtirilganligi va binoning ikkala tomonida zavodlar mavjudligi sabab doimiy shovqin saqlanib turganligi tortgan.

Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali direktori Nargiza Kenjayevaning taʼkidlashicha, bino nostandart bo‘lganligi sabab  bemorlarni joylashtirish bilan bog‘liq bir qator muammolar yuzaga kelib, bu haqida viloyat hokimligiga murojaat qilingan.

2022 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq mazkur muassasa uchun yangi binoni qurish ishlari boshlanishi maʼlum qilingan.

Ombudsman rahbarligidagi jamoatchilik guruhining keyingi manzili Samarqand shahridagi 38-sonli manzil-koloniyasi bo‘ldi. Ishchi guruh tomonidan mahkumlar uchun bu yerda yaratilgan sharoitlar, xususan yuvinish xonalari, mahkumlarning yotoq joylari hamda oshxonalarning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi holatlari, shuningdek intizomiy bo‘linma ko‘zdan kechirildi. Monitoring doirasida “Ombudsman qutisi”ni barcha mahkumlar ko‘rishi mumkin bo‘lgan va videokamera obyektividan holi bo‘lgan joyga ko‘chirish bo‘yicha tavsiya berildi.

Tashrifda koloniyadagi uzoq muddatli uchrashuv xonalari, huquqiy va badiiy adabiyotlar bilan jamlagan kutubxona hamda mehnat qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan boshqa sharoitlar o‘rganildi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonada o‘tkazilgan monitoringda aniqlanishicha, bu muassasa 2020 yilda qurilgan bo‘lib, unga ovoz va tasvirlarni yozib oluvchi 22 ta videokamera o‘rnatilgan. Yozuvlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublika darajasida markazlashgan holda kuzatilib boriladi. Muassasa esa biron-bir videokamerani vaqtincha bo‘lsada, o‘chirish imkoniyatiga ega emas. 0,70 ga maydonga ega muassasada 56 nafar shaxs saqlanmoqda, ulardan 5 nafari ayol.

Viloyat Asab-ruhiy kasalliklari dispanserida davolanayotgan jami 896 nafar bemorning 342 nafarini ayollar va 16 nafarini bolalar tashkil etadi. Dispanser hududida bemorlarning sayr qilishi hamda toza havodan bahramand bo‘lishlari uchun keng hudud ajratilib, obodonlashtirilgan. Bino ichkarisi yaxshi taʼmirlangan, kerakli mebellar va tibbiyot jihozlari bilan taʼminlangan.

Bemorlarni davolash, ularni dori-darmonlar bilan taʼminlashga doir kamchiliklar aniqlanmadi. Ammo, kuzatuvchilar tomonidan bemorlarga taom tayyorlash uchun shartnoma asosida jalb qilingan autsorsing xizmatining sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi va taom tayyorlashda ishlatilayotgan go‘sht mahsulotlarining sifati bilan bog‘liq eʼtirozlar bildirildi.

Shu bilan birga, Samarqand viloyatidagi bir nechta vaqtincha saqlash hibsxonalarida yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi.

Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari davom ettiriladi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)

Matbuot xizmati