Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida 2021 yilda amalga oshirilgan monitoring tashriflari bo‘yicha brifing
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 26-iyunda “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 2021-yil davomida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 177 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yil yakunlariga ko‘ra 76 tani tashkil etgan.

Tashriflarda ilk marotaba ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etdi.

Monitoring tashriflari davomida 4,5 mingdan ortiq shaxs bilan jamoaviy va 758 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring tashriflarida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi sharoitlar, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi hamda taʼlim-tarbiya va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi. Bu esa jismoniy, ruhiy va psixolgik bosim o‘tkazish holatlarni oldini olish borasidagi profilaktik choralar hisoblanadi.

Aniqlangan kamchiliklar va monitoring tashriflari yuzasidan har chorakda tahliliy maʼlumotlar, axborotlar va taqdimnoma tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga kiritildi.

Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator xodimlarga nisbatan tegishli tashkilotlar tomonidan intizomiy jazolar qo‘llanilgan.

Ombudsman tavsiyasiga asosan, mahkumlarning mehnatini muhofaza qilish uchun Buxoro hamda Toshkent viloyatlaridagi bir qator jazoni ijro etish koloniyalari tomonidan mehnatga jalb etilgan mahkumlarga salkam 12 mlrd 159 mln so‘mlik maxsus kiyim, himoya va sanitariya-gigiyena vositalari sotib olingan. Toshkent viloyatidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasining oshxonasini taʼmirlash va jihozlash uchun 700,0 mln.so‘m ajratilgan. Buxoro viloyatidagi 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasi maʼmuriy hududining tashqarisida fuqarolar kutish joyi qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, Toshkent shahridagi faqat erkak mahkumlar davolanadigan 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonada ayol mahkumalar davolanadigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 20 ta bo‘limga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.

Samarqand viloyati Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo viloyatining Majburiy davolash bo‘limi bemorlariga ovqat yetkazish bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilgan.

Ombudsman kiritgan tahliliy axborotlarda keltirilgan tavsiyalarga asosan Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jazoni ijro etish tizimidagi davolash-profilaktika faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqdi.

Shuningdek, mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda ushlab turilgan va qamoqqa olingan shaxslarni belgilangan manzilga kuzatish va qo‘riqlab borish uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositalarini jihozlash hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman (shahar) sudlarida sudlanuvchilar, ayblanuvchilar va gumon qilinuvchilarni vaqtincha saqlash xonalarini taʼmirlash yuzasidan berilgan tavsiyalarga asosan, Oliy sud tomonidan Milliy gvardiya, Ichki ishlar va Qurilish vazirliklari bilan hamkorlikda “Sud binolarini qurish uchun idoraviy qurilish normalari (IQN-21)” ishlab chiqildi hamda sud Rayosatining alohida qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni hamda tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarni oziq-ovqat, ashyoviy mol-mulk, sovun va yuvish vositalari bilan taʼminlash meʼyorlarini qo‘llash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 445-sonli buyruq qabul qilingan.

Hisobot yilida Ombudsman nomiga yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari hamda advokatlari tomonidan 6 104 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 2 119 tasi bevosita yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlaridir.

Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari yuzasidan kelib tushgan shikoyatlar bo‘yicha Ombudsmanning murojaatiga asosan Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 32 ta qarorning barvaqt qabul qilinganligi aniqlanib, bekor qilingan va 16 ta holatda aybdor xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi taʼminlangan.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, jismoniy, ruhiy va psixolgik bosim o‘tkazish holatlari bo‘yicha Prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra, 11 ta shikoyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasining tegishli bandlariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning nazorat xatiga asosan yuqori turuvchi prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Natijada 4 ta holatda ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilgan.

Jazoni yoki ehtiyot chorasini yengillashtirish yuzasidan mahkumlar (mahbuslar) tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan 13 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘iga almashtirilgan va 2 nafar mahbusning ehtiyot choralari yengilrog‘iga o‘zgartirilgan.

Mahkumlar tomonidan oilasiga ko‘mak ko‘rsatish masalasida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan 11 nafar mahkumning oila aʼzolariga turli xildagi iqtisodiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan. Shuningdek, Jazoni ijro etish departamenti tomonidan 13 nafar mahkum Ombudsmanning murojaatiga asosan yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududlardagi jazoni ijro etish muassasalariga ko‘chirilgan.

Qayd etish lozimki, Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan monitoring tashriflari yuzasidan tayyorlangan choraklik tahliliy axborotlari va yillik maʼruzasi Oliy Majlis palatalariga taqdim etilgan.

Bizda hozircha shular, Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha yillik maʼruzasining to‘liq matni bilan ombudsman.uz sayti orqali ham tanishishingiz mumkin.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha   vakili (Ombudsman) Axborot xizmati