Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini samarali bajarayotgani eʼtirof etildi
O‘zbekiston tashqi siyosatida milliy manfaatlardan kelib chiqib, nafaqat xorijiy davlatlar, balki yirik xalqaro tashkilotlar bilan ham o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi aloqalar tobora kuchayib borayotgani mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va uning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi intilishlarini namoyon qilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining taklifiga binoan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning yurtimizga bu galgi tashrifi O‘zbekistonga jahon hamjamiyatida yuksak ishonch va eʼtirof mavjudligidan darak beradi.

BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda mamlakatimizga ilk bor 20 yil avval, ikkinchi marta esa Prezidentlik faoliyatiga endi kirishgan paytlari kelganligini alohida taʼkidlab, Yurtboshimiz boshchiligida qilingan ishlardan hayratda ekanligini bildirdi. O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularning manfaatlarini taʼminlash kabi qatʼiy rivojlanish yo‘lidan sobitqadamlik bilan borayotganini alohida taʼkidladi.

Shu o‘rinda inson huquqlari sohasida, xususan, qiynoq holatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tish joiz.

Bilamizki, ko‘plab xalqaro tashkilotlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan hamda qiynoq holatlari eng ko‘p kuzatilgan “Jasliq” uzoq yillardan buyon Markaziy Osiyoning eng mudhish qamoqxonasi sifatida tilga olinib kelingandi. U uzoq yillar O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga putur yetkazgan. BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi O‘zbekistonga 2002 yildan buyon “Jasliq” qamoqxonasini yopishni tavsiya etib kelgan. Nihoyat, Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi. O‘sha paytdanoq, xalqaro hamjamiyat mamlakatimiz yetakchisining mazkur qarorini O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlashdagi ijobiy yangilik sifatida baholadi. 

Ahamiyatlisi, bu boradagi ishlar shuning o‘zi bilan kifoyalanmadi. Yaʼni bu O‘zbekistonning qiynoq holatlarining oldini olish sari tashlagan dastlabki qadamlaridan biri edi.

Maʼlumki, 2002 yil 18 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 57/199-rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiyaga doir Fakultativ protokoli bilan milliy preventiv mexanizm (MPM) tashkil etilishi nazarda tutilgan edi. 2017 — 2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida 2019 yilda Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Ombudsman va jamoatchilik vakillarining muntazam ravishda kirishi va u yerda saqlanayotgan fuqarolar sharoitlarini o‘rganishi, ular bilan muloqot qilishi yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 sentyabrdagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yana-da takomillashtirildi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi. Monitoring tashriflari davomida aniqlanayotgan kamchiliklar yuzasidan tahliliy maʼlumot va axborotlar, xulosa va taqdimnomalar hamda talabnomalar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilmoqda. Bundan tashqari, ushbu monitoring natijalari Vakilning Oliy Majlis palatalariga taqdim etadigan yillik axborotida ham aks etadi.

Shu bilan birga, qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanilmasligi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanilishi belgilandi. Jinoyat Kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Bu kabi normalar ko‘plab davlatlar qonunchiligida mavjud emas.

Qolaversa, umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda inson qadri, manfaati uchun xizmat qiladigan normalar avvalgisidan 3 baravarga ko‘paygan. Xususan, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor, deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi oliy yuridik maqomga ega bo‘lgan hujjatda qatʼiy belgilandi. Bu esa qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadamdir.

Yuqorida qayd etilgan tizimli islohotlar faqatgina bir yo‘nalishga tegishli, xolos. Yana bir muhim jihatga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, alohida taʼkidlash lozimki, O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali natijalarga erishilgani ko‘p bora xalqaro hamjamiyat, shuningdek, BMT tomonidan ham muntazam eʼtirof etilgan.

Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilindi va ular izchil ijro etilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘tgan davr mobaynidagi kuzatuvlari misolida ushbu jarayonlarga taʼrif berar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan islohotlar O‘zbekiston xalqining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini, qolaversa, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mos kelishini, jumladan, BMTning 2030 yilga qadar belgilangan kun tartibi aynan O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan strategik rejaga hamohang ekanligiga guvoh bo‘lganini alohida taʼkidladi.

Muxtasar aytganda, hozirgi vaqtda O‘zbekistonning inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi bor, deb qatʼiy aytish mumkin. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda hamda namuna sifatida ko‘rsatilmoqda. Muhimi, xalqimiz ushbu o‘zgarishlar taʼsirini o‘z hayotida, turmushi farovonligida yaqqol his qilmoqda. Ishonamizki, o‘tgan qisqa vaqt davomida erishilgan natijalarimiz bundan buyon ham izchil davom ettirilib, inson qadri tobora yuksalib boraveradi.

Feruza Eshmatova,

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman).