Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash samaradorligini oshirish
Mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 45-moddasida “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida” ekanligi hamda 64-moddasida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburiyligi” mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib 1992 yili «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Milliy qonunchiligimizni konvensiya qoidalariga implementatsiya qilish asnosida 2008 yil 7 yanvarda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.

Ayniqsa, so‘ngi yillarda mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash bilan bog‘liq islohotlar natijasi halqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib baholanmoqda.

Xususan, Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirgan monitoring natijasida hamda dunyo hamjamiyati vakillari bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha O‘zbekistonda ijobiy ishlar qilinganini eʼtirof etdi. 2019 yilning 1 aprelida Bryussel shahrida eʼlon qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani eʼlon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlab unda inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgarganligi hamda majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatilganligi maʼlum qilindi.

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida 2019 yilning 22 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4296-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi va Kotibiyat tuzilmasida bola huquqlarini taʼminlash faoliyatiga ko‘maklashuvchi yangi sektor tuzildi.

Bugungi kunda mamlkatimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakili o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Joriy yilning 6 oyi davomida Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan muassasalarida 30 dan ortiq monitoringlar o‘tkazildi.

Xususan, Bola huquqlari bo‘yicha Vakil tomonidan respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida, jumladan “Maxsus yengil sanoat kasb-hunar koleji”, “Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi” hamda “Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasa”larida monitoring amalga oshirildi.

Monitoring doirasida ushbu muassasalardagi voyaga yetmaganlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuv jarayonida muassasalarga joylashtirish sabablari, u yerdagi sharoitlar va ular bilan muomalada bo‘lish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, ovqatlantirish, mehnat, tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish samaradorligi o‘rganildi.

Monitoring natijalari tahlili ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida voyaga yetmaganlar huquqlari va erkinliklarini himoya qilish samaradorligiga taʼsir ko‘rsatadigan bir qator masalalarni aniqlash imkonini berdi. Jumladan:

- voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishda oiladagi ijtimoiy muhitning yomonligi, ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarning farzand tarbiyasiga beʼetibor bo‘lishi sabab bo‘layotganligi;

Vaholanki, BMTning voyaga yetmaganlar orasida jinoyatning oldini olish uchun boshqaruv prinsiplarining (Ar-Riyod boshqaruv prinsiplari) 12-bandida oila bolalarni jamiyatdagi hayotga tayyorlash uchun masʼul bo‘lgan asosiy birlik bo‘lgani uchun, hukumat va jamoat institutlari oilaning, butunligini saqlashga harakat qilishlari kerakligi, jamiyat oilalarga bolalarni parvarish qilish va himoya qilish, ularning jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilashda yordam berishga majburligi, bolalar uchun kunduzgi parvarishlashni o‘z ichiga olgan holda, yetarli darajada choralar ko‘rish kerakligi taʼkidlangan.

- voyaga yetmagan tomonidan huquqbuzarlik sodir etilmagan bo‘lsada, uning yaqin qarindoshlarining murojaatiga asosan maxsus turdagi o‘quv muassasasiga voyaga yetguniga qadar joylashtirilayotganligi;

Ar-Riyod boshqaruv prinsiplarining 46-bandida voyaga yetmaganlarni taʼlim va axloq tuzatish muassasalariga joylashtirish eng so‘nggi chora sifatida va eng kam zarur muddat davomida, ularning eng ustun manfaatlari bo‘yicha belgilanishi lozimligi taʼkidlangan.

- voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirish to‘g‘risida materiallarni tayyorlash hamda sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishida baʼzi hollarda qonunda belgilangan talablarga amal qilinmaganligi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasida “O‘ziga nisbatan ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma ko‘rib chiqilayotganda voyaga yetmagan, prokuror, vasiylik va homiylik organining, ichki ishlar organining vakillari sud majlisida ishtirok etishi shart” ekanligi belgilangan bo‘lsada baʼzi hollarda sud ishida voyaga yetmagan yoki masʼul idora xodimlarining ishtirok etmaganligi;

Bola huquqlari bo‘yicha Vakil tomonidan olib borilgan monitoring natijalarini umumlashtirish hamda kelib tushgan murojaatlarning tahlili voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan normativ huquqiy hujjatlarni yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish imkonini berdi:

- mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘la ravishda anglab yetgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazidan muddatidan oldin ozod etish talablarini belgilash;

- voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha Vakil va uning joylardagi mintaqaviy vakillarini ham kiritib o‘tish maqsadga muvofiq.

 Jasur ISLAMOV

Oliy Majlisning Inson huquqlari

bo‘yicha Vakili (Ombudsman)

Kotibiyatining sektori mudiri