Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining
12-moddasida “Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va shaʼniga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega”ligi belgilangan.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 11-moddasida “Ishtirok etuvchi davlatlar har bir kishi o‘zi va oilasi uchun yetarlicha oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joy hamda turmush sharoiti to‘xtovsiz yaxshilanib borishini o‘z ichiga oladigan yetarli turmush darajasi bo‘lish huquqini eʼtirof etadi. Mazkur ishtirokchi davlatlar ushbu huquqlar amalga oshirilishini taʼminlash uchun zarur choralarni ko‘radi, ayni paytda erkin kelishuvga asoslangan xalqaro hamkorlikning bu boradagi muhim ahamiyatini eʼtirof etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin” ligi, 54-moddasida esa “Mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart”ligi belgilangan.
Mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilishning huquqiy asoslari mavjud. Xususan:
- “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (24.09.2012y.);
- “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (27.07.2018y., PF-5490);
-
“O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (01.08.2018y., PF-5495);
-
“Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi (03.08.2019y., PF-5491);
-
“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori (05.04.2019y.) va yana bir qator boshqa normativ huquqiy hujjatlar mavjud.
Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilish bilan bog‘liq normativ huquqiy hujjatlar so‘ngi yillarda jiddiy takomillashdi. Shu bilan birga mazkur huquqlarni amalda himoya qilish borasida baʼzi muammolar ham mavjud.
Xususan, Ombudsman manziliga joriy yilning 9 oyi davomida fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq 385 ta murojaati kelib tushdi. Unda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning 236 ta turar va 149 ta noturar joylariga bo‘lgan huquqlari buzilganligi taʼkidlab o‘tilgan.
Fuqarolarning xususiy mulkini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganligi bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Shayxontoxur tumanlari, Toshkent viloyatining Oxangaron va Yangiyo‘l tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Chiroqchi tumani hamda Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan bino-inshooti buzilib, yer uchastkasi olib qo‘yilgan jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan yoki olib qo‘yilgan mulklari uchun 4 mlrd. so‘mdan ortiq kompensatsiya pullarini to‘lab berilishida, 14 ta fuqaroga uy joy qurish uchun yer uchastkasi ajratib berilishida, 5 ta fuqaroga uy joy ajratib berilishida, 3 ta fuqaroga buzilgan savdo do‘koni buzilganligi uchun yer maydoni ajratilishida yordam berildi hamda ularning huquqlari taʼminlandi.
Mazkur murojatlarning o‘rganib chiqilishi natijasida bir qator muammolar hamda kamchiliklar aniqlandi. Xususan:
- ko‘chmas mulk egasini rozi qilmasdan hamda turar joylar baholanmasdan turib davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasining olib qo‘yilayotganligi natijasida fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlari buzilmoqda va ularning davlat idoralari o‘rtasida ovora bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, bir qator tadbirkorlarning Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi “Yangiyo‘l savdo kompleksi” MCHJ hududidagi savdo do‘konlari buzilishi munosabati bilan kompensatsiya pullari to‘lanmayotganligi haqida yozgan murojaati Ombudsmanning alohida ish yurituviga olindi. Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bayoni hamda Yangiyo‘l shahar hokimining qaroriga asosan Yangiyo‘l shahrining Registon va Niyozbosh ko‘chalarini bir-biriga bog‘lash belgilangan, shu maqsadda temir yo‘l ustidan ko‘prik qurilishi munosabati bilan “Yangiyo‘l savdo kompleksi” MCHJ hududidagi bino-inshootlar buzilishga tushgan. Vakilning aralashuvi bilan, murojaatda qayd etilgan fuqarolarning 35 ta savdo do‘konlari uchun 8 nafariga 781,4 mln so‘m miqdorida kompensatsiya puli to‘lanib, 6 nafariga 315,9 mln. so‘m kompensatsiya pullarini to‘lash bo‘yicha viloyat hokimligiga so‘rov kiritildi.
Yoki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) nomiga fuqaro M.A. va boshqalar murojaat qilib, Toshkent viloyati Oxangaron shahridagi yashab turgan uy joylari 2018 yil Oxangaron shahar hokimiyatining maʼsul mansabdor shaxslari tomonidan oldindan xabardor qilinmasdan hamda roziligi olinmasdan buzib tashlanganligini bildirishdi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5495-sonli Farmoni bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi hamda yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi mustahkamlab qo‘yilgan.
- turar joyi davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan buzilganligi bois unga turar joy qurish uchun mutanosib ravishda yer maydoni ajratish majburiyatini yuklash haqidagi sudning hal qiluv qarori mavjud bo‘lsada uzoq yillar davomida sud qarori mahalliy hokimiyatlar tomonidan o‘z vaqtida ijro etilmayapti.
Masalan, fuqaro M.M.ning Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman)ga yozgan murojaatidan aniqlanishicha Xiva shahar adliya bo‘limi fuqaro M.M.ning manfaatlarini ko‘zlab Xiva shahar maʼmuriy sudiga turar joyi davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan buzilganligi bois unga turar joy qurish uchun mutanosib ravishda yer maydoni ajratish majburiyatini Xiva shahar hokimligiga yuklash yuzasidan qilgan daʼvo arizasi sud tamonidan qanoatlantirilgan va ijroga chiqarilgan. Ijro o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi bois O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosi Xorazm viloyati Xiva shahar bo‘limi tomonidan Xiva shahar hokimligi zimmasiga talabnoma yuborilgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuning 82-modasida ijro hujjatini ijro etmaganlik, shuningdek uning ijrosiga to‘sqinlik qilganlik qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingan ko‘chmas mulk o‘rniga berilishi kerak bo‘lgan turar joyning o‘z vaqtida qurib bitkazilmasligi hamda ijara shartnomasi asosida vaqtincha yashab kelayotgan fuqarolarga uy joy uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan ijara pullari yetarli miqdorda va belgilangan vaqtida berilmaydi.
Masalan, fuqaro K.N. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman)ga murojaat qilib Buxoro shahar hokimi boshchiligida 3 tomonlama shartnomada tuzilganligini, unga ko‘ra qurilish 1 yil davomida tugatilishi, shuningdek quruvchi vazifasini bajarmagan yoxud bankrot bo‘lgan taqdirda barcha qurilish ishlarini shahar hokimligi bajarishi lozimligi nazarda tutilgan bo‘lsada, ushbu majburiyatlar 2 yil davomida bajarilmagan hamda arenda pullari 2 yil oldingi miqdorda berilgan.
- xususiy mulk daxlsiz va u davlat himoyasida bo‘lsada sudlar tomonidan mulkdorni majburiy tarzda yashash imkoniyatiga ega bo‘lmagan, umuman boshqa hududga ko‘chirish haqida qaror qabul qilinmoqda.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudi hal qiluv qarori bilan daʼvogar “PERSPECTIVE-BUILDING” MCHJning fuqaro D.X.ga nisbatan turar joy bergan holda uy joydan ko‘chirish va foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish haqidagi daʼvo talablari qanoatlantirilgan. Sud hal qiluv qarorini chiqarishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 97-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomni asos qilib olgan. Vaholanki, mazkur qaror o‘z kuchini yo‘qotgan (01.01.2020y.).
Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti haqida” Qarorining 24-bandida yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, shu uy-joylarda yashovchi fuqarolarga, ularning oila aʼzolariga, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga binoan va taraflar kelishuviga ko‘ra barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etgan holda shu aholi yashaydigan punktdan sanitariya, yong‘inga qarshi, texnik talablarga javob beradigan hamda shu aholi punkti joylashgan hududdan turar-joy berilishi lozimligiga sudlarning eʼtibori qaratilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5495-sonli Farmoni talablariga zid tarzda fuqarolarning yer uchastkalari boshqa maqsadlarda (tadbirkorlik maqsadlarida) olib qo‘yilmoqda.
Vaholanki farmonda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish maqsadlari aniq belgilab o‘tilgan.
- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
- avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obyektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obyektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan obyektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.
- baʼzi hollarda mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini kafolatlovchi hujjatlari ataylab yo‘qotilmoqda.
Masalan, Toshkent viloyati Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘onida istiqomat qiluvchi fuqaro M.J.ning murojaatida maʼlum qilishicha, 1994 yil 24 dekabrdagi hokimning qaroriga asosan unga qonuniy tegishli bo‘lgan uy joyini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi kadastr hujjatlari hech bir asossiz qalbaki deb topilib, uning ko‘z o‘ngida yirtib tashlangan. Hozirgi kunga qadar fuqaro M.J. nogiron turmush o‘rtog‘i bilan uy joyga egalik huquqini qayta tiklash masalasida masʼul mansabdor shaxslarga murojaat qilib kelmoqda.
Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 27-moddasi bilan jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq qonun hujjatlari hamda amaliyotini yana-da takomillashtirish bo‘yicha quyidagilar taklif etiladi:
- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotgan (sababi ko‘rsatilgan holda) yer uchastkalari joylashgan hudud haqidagi barcha maʼlumotlar mahalliy hokimiyatning rasmiy veb saytida eʼlon qilinishi lozim;
- hududlarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan taklif qilinadigan barcha uy joy va binolar manzillari aniq ko‘rsatilgan elektron baza shakllantirilishi va fuqaro uni borib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Ushbu holat shaffoflikni taʼminlaydi va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, hokimiyat va fuqaro o‘rtasida yuzaga keladigan turli nizolarni oldini oladi;
- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilgan xususiy mulk o‘rniga ajratiladigan mulk, uy-joy yoki bino obyektining fuqarolarga berilish muddati aniq qilib belgilab qo‘yilishi, bunda har bir kechiktirilgan muddat uchun fuqaroga penya to‘lash zarur;
- sudlar tomonidan uy joydan ko‘chirish haqidagi hal qiluv qarori qabul qilinayotganda aynan shu aholi punkti joylashgan hududdan turar-joy berilishi lozimligiga, taklif etilayotgan uy joy barcha qulayliklarga egaligiga, fuqarolarning ish yoki o‘qish maskaniga yaqinligiga alohida eʼtibor qaratilishi shart.
Jasur Islamov
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha Vakili (Ombudsman)
Kotibiyatining Murojaatlar bilan
ishlash sektori mudiri