Mazkur tanlov mamlakatimizda gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini keng jalb etish, turli tuzilmalar faoliyatiga gender tenglikni singdirish maqsadida oʼtkazilmoqda. Аyni yoʼnalishda tanlov asosida oʼrganish, tahlil ishlari olib borilmoqda.
Tanlovda har yil yakunlari boʼyicha gender tenglikni taʼminlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yoʼnalishda jamiyat rivoji uchun tashabbus koʼrsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oʼz sohasiga tegishli yoʼnalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirlik, idora, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur tanlovning ishchi guruh aʼzolari, jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri Аzimov Saidbek Ibragimovich tegishli tashkilotlarni joylarga chiqib oʼrganmoqda. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidagi holat, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʼyicha tashkil etilgan maslahat kengashi ishlari oʼrganildi.
Vazirlik, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlaridagi holatlarni oʼrganish ishlari davom etmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari
boʼyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati