Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OMBUDSMAN BARCHA ISH BERUVCHILARNI MEHNAT QONUNCHILIGIGA RIOYA QILISHGA CHAQIRADI
Maʼlumki, o‘tgan 2020 yilda karonavirus infeksiyasining dunyo bo‘ylab keng tarqalishi sabab qatʼiy karantin talablari o‘rnatildi. Ko‘plab tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlarida xodimlarning  masofadan turib ishlashiga imkoniyat yaratildi.

Baʼzi hollarda esa xodimlarni asossiz ishdan bo‘shatish, hollari ham kuzatildi. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020 yil davomida fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash yuzasidan Ombudsmanga 1000 dan ortiq murojaat kelib tushdi.

Murojaatlar bo‘yicha davlat organlari va idoralarga Vakil xulosasi va taqdimnomalar kiritildi. Natijada 439 mln so‘mga yaqin oylik ish haqi undirildi. Asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan 13 nafar fuqaro ish joyiga qayta tiklandi, 12 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 14 nafar bolali oilalarga 31 mln so‘mdan ortiq nafaqa yoki moddiy yordam pullari tayinlandi, 5 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Taʼkidlash lozimki, mehnat qonunchiligi buzilgani yuzasidan Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga kelib tushayotgan murojaatlar oqimi hali ham katta.

Davlat rahbari pandemiya sharoitida yuqoridagi salbiy holatlarning oldini olish, fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali ular daromadlarini oshirish maqsadida qator farmon va qarorlarga imzo chekdi. Jumladan, 2020 yil 19 mart kungi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan, asosan koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi, vasiylari, homiylari bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi taʼqiqlandi.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 111-moddasida ham “Mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan hollarda, u ish beruvchining o‘zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozim.” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shunday ekan, amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, assossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan xodimlar, buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, Kasaba uyushmasiga, Bosh Prokuraturaga, sudga qolaversa, Parlament va Ombudsmanga murojaat qilish huquqlariga ega.

Shu nuqtai nazardan, joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro X.Sh. ishga qayta tiklash masalasida murojaat qilgan edi.

Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, sobiq xodim 2013 yil 4 dekabrdan buyon Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani hokimligi moliya bo‘limi yuristkonsult lavozimida ishlab kelgan. Pandemiya sharoitida Moliya vazirining 2020 yil 14 sentyabrdagi tuman (shahar) moliya bo‘limlaridagi yuristkonsult shtat birliklarini qisqartirishga oid buyrug‘iga asosan 2020 yilning 6 oktyabr kuni X.Sh. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Oradan bir oydan oshiqroq vaqt o‘tgach esa Moliya vazirining yuqoridagi buyrug‘iga o‘zgartirish kiritilib, tuman (shahar) moliya bo‘limi yuristkonsult xodimlari ishga qayta tiklangan. Afsuski, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani hokimligi sobiq yuristkonsulti X.Sh.ni 2021 yilda ham ishga tiklamagan.

Shundan so‘ng Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ishga tiklash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritilgan. Natijada xodim qayta lavozimiga ishga tiklanib, unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun 1,5 mln so‘m hamda majburiy progul uchun 7 mln so‘mdan ortiq kompensatsiya pullari undirilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) barcha davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlarini o‘z xodimlarning huquq va manfaatlarini hurmat qilishga, Mehnat kodeksi bilan ish beruvchiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq bajarishga chaqiradi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati