Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar tinch va baxtli hayot kechirishlari shart
Joriy yilning 26 mart kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil hamda YUNISEF hamkorligida O‘zbekiston tajribasiga asoslanib, "Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida qurolli mojaro hududlaridagi bolalar va ayollarni o‘z vataniga qaytarish va ularni jamiyatga samarali reintegratsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik" mavzusida onlayn konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari - Akmal Saidov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) - Feruza Eshmatova, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Bola huquqi bo‘yicha vakil - Anna Kuznetsova, Tojikiston Respublikasi Inson huquqi bo‘yicha vakil o‘rinbosari- Bola huquqi bo‘yicha vakil - Radjabmo Xabibulozoda, Qozog‘iston Respublikasi Bola huquqi bo‘yicha vakil - Arujan Sain, Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsmani kotibiyatining bolalar, ayollar va oilalar huquqini himoya qilish bo‘limi mutaxassisi - Bubusara Anarbek qizi, YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori - Afshan Xan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy bo‘limi vakili janob - Rishard Komenda, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili - Matilda Dimovska, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining rahbari - Ashita Mittal, “BMT-ayollar” tuzilmasi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy vakili - Iris Byork Kristyansdottir, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakillari, YUNISEFning Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistondagi vakolatxonasi rahbarlari, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Rossiya Federatsiyasi va AQSH elchixonalarining vakillari, davlat organlari vazirlik, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining institutlari vakillari, Bola huquqlari bo‘yicha vakilning mintaqaviy vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyaning maqsadi yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan bolalar va ayollarni vataniga qaytarish va qayta tiklash bo‘yicha tajriba almashish, yutuqlar va qiyinchiliklarni muhokama qilish hamda ayollar va bolalar repatriatsiyasi va reintegratsiyasi bo‘yicha tavsiyalar ishalb chiqishdir.

Takidlanishicha, 2019 yilda O‘zbekiston hukumati birinchilardan bo‘lib Iroq va Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr ko‘rgan o‘z fuqarolarini, asosan ayollar va bolalarni vataniga qaytarishni amalga oshirdi. Shu yildan boshlab Iroq, Suriya va Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr ko‘rgan bolalarni qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib bormoqda. Eʼtiborlisi, mamlakatlar ichida birinchilardan bo‘lib, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston vataniga qaytarilgan fuqarolarini o‘z himoyasiga oldi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekiston “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida, Qozog‘iston “Jusan” va “Rusafa” operatsiyalari doirasida, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Rossiya Federatsiyasi o‘z fuqarolarini vataniga qaytardi.

O‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, taʼlim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana va ish bilan taʼminlash choralari ko‘rilmoqda.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova,

Migratsiya paytida bolalarni himoya qilish va ularning asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini cheklash bilan bog‘liq xavf katta tashvish tug‘diradi. Bolaning manfaatlari doimo migratsiya siyosati va amaliyotining markazida bo‘lishi kerak. Migratsiya siyosati migratsiya taʼsirida bo‘lgan bolalar milliy tizimlardan, shu jumladan himoya, taʼlim, sog‘liqni saqlash, adolat va ijtimoiy xavfsizlik tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, oilaviy hayot va oilani birlashtirish huquqini hurmat qilishi hamda qo‘llab-quvvatlashi kerak.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova,

Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiyada belgilangan prinsiplar bizning ishimiz uchun asos bo‘lib, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga himoya, g‘amxo‘rlik jumladan huquqiy himoyaga muhtoj bolalarga alohida g‘amxo‘rlikni amalga oshirishga asoslangan. Huquqlar barcha bolalar uchun istisnolarsiz va bolaning o‘ziga yoki uning oilasiga tegishli har qanday asos yoki boshqa holatlar bo‘yicha farqlanish va kamsitishlarsiz tan olinadi. Bola, har qanday holatda ham, himoya va yordamni birinchi bo‘lib olishi kerak. Afsuski, hozir ham qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar hududlari mavjud. Natijada, bolalar o‘lmoqda, ko‘plab bolalar ota-ona qaramog‘isiz qolmoqda.

 YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo  mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan

YUNISEF bolalarni o‘z yurtiga qaytarish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashinuviga ko‘mak berishdan mamnun bo‘lib, bugun ushbu anjumanda ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni davom ettirishga umid qiladi, chunki biz qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan bolalar huquqlarini himoya qilish uchun birgalikda ish olib boramiz.

 Konferensiya ishtirokchilari barchani tashvishga solayotgan masalalarni belgilab, samarali hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tajribasini yetarli darajada samarali deb baholab, uni mintaqadagi va butun dunyodagi mamlakatlar bilan o‘rtoqlashishga loyiq deb topdilar.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati