Shuningdek, tadbirda Xalqaro Ombudsmanlar Instituti rahbari Piter Tindall, Xalqaro Ombudsmanlar Instituti rahbarining birinchi o‘rinbosari Diana Velborn, Xalqaro Ombudsmanlar Instituti rahbarining ikkinchi o‘rinbosari Kris Fild, Xalqaro Ombudsmanlar Instituti bosh kotibi Verner Amon, Karib va Bermud orollari Ombudsmani Viktoriya Pirman, Avstraliya va Tinch okeani Ombudsmani Piter Boshir, Yaponiya Ichki ishlar va aloqalar vazirligining maʼmuriy baholash byurosi Direktori Suguru Shiraiva, Filippin Ombudsmani Samuyel Martires, Turkiya Ombudsmani Sheref Malkoch hamda Tailand Qirolligi Ombudsmani Viddxavat Rajatanunlar ham video murojaat bilan ishtirok etdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z video murojaatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumotlar berib o‘tildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yurtimizga koronavirusning yangi turini kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan Farmoyishi qabul qilinganligi, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tashkil etilib, “Temir daftar” tizimi joriy etilganligi yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Shu bilan birga, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Parlamentiga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) oldida turgan vazifalar bo‘yicha ham maʼlumot berildi.
Tadbir jarayonida xorijiy davlatlarning pandemiya sharoitida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi tajribasi o‘rganildi. Xususan, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, karantin qoidalariga rioya etish, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sohasidagi tajribasi yuzasidan fikrlar bildirildi.
Pandemiya jarayonida Ombudsman institutlariga elektron murojaatlar soni oshganligi barcha ishtirokchilar tomonidan taʼkidlandi. Ayniqsa, ko‘plab Ombudsmanning veb saytlarida
COVID-2019 bo‘limi ochilgan bo‘lib, pandemiya bilan bog‘liq murojaatlar faqat shu bo‘lim orqali qabul qilingan va monitoring qilib borilgan.
Tadbirda pandemiya bilan bog‘liq maʼlumotlarni fuqarolarga yetkazishda ochiqlikni taʼminlash, xususiy korxonalarni inqirozga tushib qolmasligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan imtiyozli kreditlar ajratish, mehnat samaradorligini oshirish maqsadida xodimlar uchun maxsus (pandemiya sharoitida qanday mehnat faoliyatini olib borishni o‘rgatuvchi) qo‘llanma ishlab chiqish, fuqarolarning jamoatchilik xizmatlaridan foydalanishda hech bir to‘sqinlik bo‘lmasligini taʼminlash, Ombudsman va boshqa tashkilotlarning mehnat faoliyatiga ko‘mak berishda volontyorlarni jalb etishni yo‘lga qo‘yish kabi takliflar bildirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati