Fuqaro R.Subxonov o‘z murojaatida ushbu masalada bir yil mobaynida ko‘plab yuqori turuvchi tashkilotlariga murojaat qilganligi, lekin hech qanday natija bo‘lmaganligi sababli, so‘nggi imkoniyatlardan biri sifatida Ombudsmanga murojaat qilganligini maʼlum qilgan.
Shuningdek, murojaatda qayd etilishicha, pandemiya sharoitida murojaatchining nabirasi A.Raxmonov qishloqdagi elektr uzilishlari sabab, nazorat ishlarini bajarib, mavjud modul (masofadan o‘qitish kurslari o‘quv portali) tizimini yuklashda qiyinchiliklarga duch kelgan holda o‘qishni davom ettirgan. Lekin, o‘qituvchi talabalarga imkon bermasdan ularni oraliq va yakuniy nazorat ishlarini topshirishga qo‘ymagan va akademik qarzdor qilgan. Shundan so‘ng, o‘tgan yilning dekabr oyida jami 6 nafar kursda qoldirilgan talabalarning ota-onalari tegishli vazirlik va idoralarga farzandlariga yana bir imkon berilishini so‘rab murojaat qilgan. Bundan norozi bo‘lgan universitet o‘qituvchisi talabalarning modul tizimida to‘plagan ballarini inobatga olmay, ularga past baho qo‘yib, kurs ishidan yiqitgan va 6 nafar talabani kursda qoldirgan.
Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining 2021 yil 19 fevraldagi 92-son buyrug‘iga asosan imtihon olish uchun holis o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhi tuzildi va A.Raxmonov va 5 nafar talaba holisona imtihon topshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Natijada talabalar barchasi imtihonlardan o‘tib, 4-kursga tiklandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati