Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OMBUDSMAN: BARCHA XOTIN-QIZLAR DAVLAT HIMOYASIDA
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali xotin-qizlarga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik, ruhiy va jismoniy tazyiqlar o‘tkazilayotgani, ularni o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib borilayotgani bilan bog‘liq nohush xabarlar ko‘p tarqalmoqda. Bir narsa aniqki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari aslida bundan-da ko‘p bo‘lishi mumkin. Buni inkor eta olmaymiz. Chunki, o‘zbek ayoli qanchalik qiynalsa ham, uni ijtimoiy tarmoqlar u yoqda tursin, hatto mahalla-ko‘y, tanish-bilishlariga ham oshkor etishni istamaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga ko‘ra, 15 va 49 yoshidagi xotin-qizlarning 25 foizidan ko‘prog‘i hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duch kelishadi. Ushbu zo‘ravonliklarning 33 foizi Janubi-sharqiy Osiyo hududiga to‘g‘ri kelmoqda.

Aytish joizki, Bosh prokuratura o‘z xisobotida, 2020 yilda nomusga tegish holatlari 27,7 foizga oshganligini bayon qilgan. Bu juda achinarli... Foiz hisobida ko‘rsatilgan ushbu raqamlar ortida nechta qizning singan taqdiri, toptalgan shaʼni va qadr-qimmati yotibti ekan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga yo‘llangan murojaatlar tahlili, 2021 yilning 15 apreliga qadar xotin-qizlar tomonidan 20 ga yaqin jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holatlari bo‘yicha murojaat kelib tushganini ko‘rsatmoqda. Ularning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, fuqaro M.M. 2013 yilda surxondaryolik yigitga turmushga chiqib, 2 nafar farzand dunyoga keltiradi. U o‘z murojaatida turmush o‘rtog‘i ko‘p yillardan buyon doimiy ravishda kiynoqqa solib, ruhiy hamda jismoniy tazyiq o‘tkazib kelayotganligini yozib, turmush o‘rtog‘iga nisbatan tegishli choralar ko‘rishni va himoya orderi olishda yordam so‘ragan. Ombudsman mazkur arizani nazoratga olib, uni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rgandi. Natijada fuqaro M.M.ga 2021 yil 10 fevral kuni “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun himoya orderi” taqdim etildi. Ayollar qadrlanadigan mamlakatda xotin-qizlardan shu kabi murojaatlarning kelib tushishi kishi ko‘nglini g‘ash qiladi albatta.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi 1995 yil qo‘shilgan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyasining 3-moddasiga asosan, ishtirokchi davlatlar erkaklar bilan tenglik asosida xotin-qizlarning inson xuquqlari hamda asosiy erkinliklarini ro‘yobga chiqarishlari va ulardan foydalanishlarini kafolatlash maqsadida xotin-qizlarning har tomonlama rivojlanishini va taraqqiyotini taʼminlash uchun barcha, xususan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamma tegishli choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko‘rishlari belgilangan va bugungi kunda qonunchiligimizga implementatsiya qilingan.

Milliy qonunchiligimizda avvalambor Konstitutsiyamiz, shuningdek xalqaro standartlarga mos xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlovchi maxsus qonunlar, shuningdek bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslilik hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash kafolatlari belgilangan.

Qolaversa, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda ham xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bilan bog‘liq normalar o‘z aksini topgan.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 4 yanvar kuni 3-son Qarori bilan “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizom bilan tazyiq va (yoki) zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berilishi va tazyiq va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga bir qator cheklovlar yoki taqiqlari o‘rnatilishi, kelgusida tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning himoyasiga qaratilgan shuncha huquqiy mexanizmlar bo‘la turib, ularning taxqirlanayotganliklari albatta achinarli. Biz barchani, shu jumladan xalq ichida yurib, ular dardini ko‘tarayotgan jurnalist va blogerlarni yuqoridagi salbiy holatlar bilan kurashishga chaqiramiz va ular bilan har doim hamkorlik qilishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.

Barchamiz yodda tutishimiz zarur! Barcha xotin-qizlar davlat himoyasida. Hech kim ularni tahqirlashga, huquqlarini poymol etishga va erkinligini cheklashga haqli emas!  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati