Kam taʼminlangan oilalar ro‘yxatida turuvchi fuqaro X.Y o‘z murojaatida farzandlaridan biri 2-guruh nogironi ekanligini bildirgan. Shuningdek, murojaat muallifi nogironligi bo‘lgan bolasiga alohida parvarish kerakligi sababli, ro‘zg‘orni farzandi uchun beriladigan nafaqa puli orqali tebratishini bildirgan.
Ushbu murojaatni nazoratiga olgan Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova holatni o‘rganish davomida, ushbu oilaga 2018 yilda Boysun tuman hokimligi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida sertifikat asosida namunaviy uylardan biri berilganligi, lekin, fuqaro oylik kredit to‘lovlarini to‘lashga qo‘li kaltalik qilgani sababli 3 oydan so‘ng turar-joy olib qo‘yilganligi aniqlandi. Yolg‘iz onaning so‘zlariga ko‘ra, unga karantin davrida ham hokimlik tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilmagan.
Mazkur murojaat yuzasidan, Bola huquqalari bo‘ycha vakil Surxandaryo viloyati hokimligiga murojaat qilib, fuqaroning turmush sharoitini inobatga olib, uning muammolarinin zudlik bilan hal etilishini va muntazam ravishda ushbu oilaga moddiy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Natijada uyi asossiz ravishda tortib olingan fuqaroning uy uchun to‘lashi kerak bo‘lgan jami 19.000.000 (o‘n to‘qqiz million) so‘m Viloyat hokimligining homiylik mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi. Shuningdek, murojaatchi “Temir daftar”ga kiritish orqali uni doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishiga erishildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati