Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrianni qabul qildi
Joriy yilning 28 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrianni qabul qildi.

Xabaringiz bor, 2021 yilning 23 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilardan, jumladan, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adriandan ishonch yorliqlarini qabul qilib olgan edi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida, Yevropa Ittifoqi anʼanaviy ravishda mamlakatimizning muhim strategik sherigi bo‘lib harakat qilayotgani hamda keyingi yillarda O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik yangi surʼat kasb etishini taʼkidlagan.

Ombudsman hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisining o‘zaro uchrashuvidan ko‘zlangan maqsad – yaqindan tanishuv hamda halqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida istiqboldagi loyihalar xususida muloqot qilishdan iborat.

Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mehmonni mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi, Vakil institutining qonunchilik bazasi takomillashtirilgani va vakolatlari kengaytirilgani hamda qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalar, jumladan, Milliy preventiv mexanizm doirasida yopiq muassasalarga uyushtirilgan monitoring tashriflari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Sharlott Adrian, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi:

Bugungi qabul uchun O‘zbekiston Ombudsmaniga minnatdorchilik bildiraman. Fikrimcha, O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga aʼzoligi doirasida 2021-2022 yillarda birgalikda amalga oshirilishi borasidagi bizning o‘zaro hamkorligimiz juda muhim. Sababi, hozirda tayyorlanayotgan Yevropa Ittifoqining chora-tadbirlar rejasida, qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmga alohida urg‘u berilmoqda. O‘zbekistonda ushbu mexanizm aynan Vakil huzurida tashkil etilgan va ushbu institut mamlakatdagi demokratik islohotlarning ustuni hisoblanadi.

O‘ylaymanki, mamlakatingizda aynan Prezident tomonidan Ombudsman faoliyatiga katta eʼtibor qaratilayotgani, ushbu institutning inson huquqlari sohasida juda katta marralarga erishishiga yordam bermoqda. Biz Yevropa Ittifoqi tomonidan bu ishga to‘liq ko‘mak berishga tayyormiz.

Samimiy suhbat ruhida o‘tgan uchrashuvda elchi Sharlott Adriann Ombudsman intitutini jamoatchilik vakillari bilan qay tarzda hamkorlik qilayotganiga qiziqdi. Ombudsmanning so‘zlariga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huuqlari bo‘yicha vakili huzuridagi komissiya aʼzolari tarkibida aynan uzoq yillardan buyon inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha ishlayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rin olgan. Qolaversa MPM doirasida o‘tkazilayotgan monitoring tashriflariga jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlik guruhi aʼzolari va albatta OAV jalb etiladi.

Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda Elchi Sharlott Adrian bugungi qabul uchun Ombudsmanga minnatdorlik bildirdi va hamkorlik aloqalarining yana-da mustahkamlanishiga umid bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Matbuot xizmati